O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida maʼnaviy-maʼrifiy sohada hamkorlik memorandumi imzolandi
Aprel 08, 2026. 12:14 • 2 daq
• 132
ANQARA, 10-aprel. /“Dunyo” AA/. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Turkiya yozuvchilar uyushmasi o‘rtasida sohada hamkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida memorandum imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Anqarada bo‘lib o‘tgan tadbirda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p asrlik tarixiy va maʼnaviy aloqalarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Ishtirokchilar mazkur kelishuv shunchaki ramziy hujjat emas, balki aniq loyihalar bilan mustahkamlanadigan strategik yo‘l xaritasi ekani alohida taʼkidladi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar, O‘zbekiston va Turkiya muassasalari o‘rtasidagi mazkur hamkorlik butun turkiy dunyoda madaniy-maʼnaviy integratsiyani yanada kuchaytirish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etishi qayd etdi.
Tomonlar memorandum doirasida 2026-yilning o‘zida qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi. Xususan, qo‘shma adabiy tadbirlar tashkil etish, yozuvchilar o‘rtasidagi ijodiy aloqalarni kengaytirish, qo‘shma nashrlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, madaniy dasturlar ishlab chiqish kabi yo‘nalishlar ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Yoshlar bilan ishlash masalasi ham hamkorlikning eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida eʼtirof etildi. Bu borada, yosh avlodni milliy va maʼnaviy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan taʼlim va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, talabalar va akademik almashinuv dasturlarini rag‘batlantirish, qo‘shma simpoziumlar va turli madaniy tadbirlarni tashkil etish ham hamkorlikning muhim yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi