Budapeshtda Vengriyaning nufuzli “Art Market Budapest” yarmarkasida qatnashish masalasi muhokama qilindi
Yanvar 14, 2026. 15:10 • 57 soniya
• 242
BUDAPESHT, 17-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari “Art Market Budapest”ning ko‘rgazmalar boshqaruvchisi Martin Cherpak hamda masʼul xodim Suzanna Barshi bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida “Art Market Budapest” Markaziy va Sharqiy Yevropaning yetakchi zamonaviy sanʼat yarmarkasi sifatida 2010-yildan buyon Budapesht shahrida o‘tkazib kelinayotgani taʼkidlandi.
Ushbu yarmarka Vengriya Madaniyat va innovatsiya vazirligi homiyligi ostida tashkil etiladi. Yarmarkaning umumiy maydoni 7 ming kvadrat metr. Har yilgi tadbirda Vengriya hamda Markaziy va Sharqiy Yevropa davlatlaridan 500 dan ortiq rassom, hunarmand va fotograflar o‘z stendlari bilan ishtirok etadi. unga 40 mingga yaqin mehmon tashrif buyuradi. Mazkur tadbirda foto va tasviriy sanʼat namunalaridan tashqari, hunarmandchilik buyumlari ham namoyish etiladi.
Navbatdagi yarmarka 2026-yil 14–18-oktyabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Vengriya tomoni 2026 yil O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida “Madaniyat, fan va innovatsiyalar yili” deb eʼlon qilinganini inobatga olib, O‘zbekistonlik rassom (tasviriy sanʼat), fotograf va hunarmandlarni ushbu nufuzli yarmarkada yagona milliy stend ostida ishtirok etishga taklif qildi. Xorij tomoni O‘zbekiston stendi “Made in Uzbekistan” brendi ostida tashkil qilishni maʼlum qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi