Kuala-Lumpurda Samarqand va Malayziya shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi
Aprel 06, 2026. 12:20 • 2 daq
• 84
KUALA-LUMPUR, 6-aprel. /“Dunyo” AA/. Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev boshchiligidagi delegatsiya Malayziyada tashkil etilgan “MATTA Fair” yirik sayyohlik ko‘rgazmasi qatnashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi ko‘magida o‘tkazilgan ushbu ko‘rgazmada turizm, sanʼat va madaniyat sohasi, sayyohlik agentliklari, mahalliy va xorijiy turkompaniyalar, diplomatik korpus vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Yurtimiz delegatsiya aʼzolari uch kun davomida Malayziyada O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari va boy madaniyatini keng targ‘ib qildi. Tashkil etilgan yarmarkada O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi va respublika turkompaniyalari milliy pavilyon bilan qatnashdi.
Tadbirlar doirasida delegatsiya vakillari Malayziya sayyohlik kompaniyalari assotsiatsiyasi rahbariyati hamda ushbu mamlakatning milliy aviakompaniyasi “Malaysian Airlines” bosh tijorat direktori Dersenish Aresandiran bilan uchrashdi. Muloqot jarayonida Samarqand va Malayziya shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish orqali sayyohlar sonini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, xorij tomoniga O‘zbekistonda turizm sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy majmuasi va Toshkentda dagi Islom sivilizatsiya markazi faoliyati haqida maʼlumot berildi.
“MATTA Fair”da qatnashayotgan respublika turkompaniyalari tomonidan Samarqand, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahrining turizm dasturlari, xususan, “Madaniy turizm”, “Ziyorat turizmi”, “Gastroturizm” kabi turpaketlar targ‘iboti amalga oshirildi.
Tadbir davomida tomonlar ikki mamlakat turoperatorlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorligi doirasida Samarqandga xorijiy sayyohlar, jumladan, malayziyalik mehmonlar oqimini yanada oshirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishdi.
Ko‘rgazma doirasida ilk bor o‘zbek gastroturizm imkoniyatini namoyish qilish maqsadida Samarqand palovi tayyorlanib, tadbir ishtirokchilariga tortiq qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi