2025-yilda Isroildan O‘zbekistonga sayyohlar oqimi sezilarli darajada oshgan
Yanvar 14, 2026. 12:37 • 59 soniya
• 188
TEL-AVIV, 14-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida yurtimiz sayyohlik salohiyati va turizm sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Isroil turizm sohasi vakillari, tegishli tashkilotlar, aviakompaniyalar, ilmiy va taʼlim muassasalari hamda davlat idoralari rasmiylari ishtirok etdi.
Ishtirokchilarga 2025-yilda O‘zbekistonga 11 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyurgani, bu esa mamlakatga xalqaro qiziqish ortib borayotganidan dalolat berishi haqida maʼlumot berildi. Isroildan sayyohlar oqimi 2024-yilga nisbatan 70 foizdan ziyodga oshgani, bu ikki tomonlama turizm aloqalarining jadal rivojlanayotganini aks ettirishi alohida taʼkidlandi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnovlar masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonning turli hududlaridagi tarixiy-madaniy, ziyorat, ekologik, gastronomik va faol turizm imkoniyatlari taqdim etildi. Shu bilan birga, davlat tomonidan sohani qo‘llab-quvvatlash choralari va isroillik sheriklar bilan amaliy hamkorlik imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi. Tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizning sayyohlik yo‘nalishlari va infratuzilmasi bo‘yicha taqdimot bukletlari va maʼlumotnomalarni o‘z ichiga olgan axborot va tarqatma materiallar topshirildi.
Qatnashchilarga BMTning Jahon sayyohlik tashkiloti shafeligida faoliyat yurituvchi Xalqaro turizm akademiyasining Samarqand kampusi tashkil etilgani haqida maʼlumot berildi. Bu O‘zbekistonning turizm va kadrlar tayyorlash sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga sodiqligini tasdiqlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi