Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Iroqqa eksport qilish masalasi muhokama qilindi
Fevral 02, 2026. 16:49 • 2 daq
• 135
BAG‘DOD, 2-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston biznes-delegatsiyasining Bag‘dodga tashrifi davomida Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Iroq Savdo vaziri Asir al-G‘aririy va Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Mahdi Sahr al-Jabburiy bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tomonlar muloqot davomida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining Iroqqa eksporti hajmini oshirish masalasida so‘z yuritdi. Iroqqa kiruvchi hududlarda o‘zbek mahsulotlari uchun “yashil koridorlar” barpo etish, ilmiy yondashuvlar asosida urug‘chilik va o‘g‘it sanoati yo‘nalishida qo‘shma tadbirlar o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha oliy taʼlim dargohlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tegishli mutaxassislar va kadrlar yetishtirish bo‘yicha ham fikr-mulohaza almashildi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Iroq Qishloq xo‘jaligi vazirliklari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha Harakatlar rejasini ishlab chiqish va imzolash, qo‘shma ekspertlar guruhini tashkil etish hamda o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olishga kelishildi.
Iroq Savdo vaziri Asir al-G‘aririy bilan bo‘lgan uchrashuvda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va savdo hajmini kengaytirish yo‘llari muhokama etildi.
Asir al-G‘aririy O‘zbekiston oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini yuqori baholab, ularning Iroqqa eksporti hajmini yanada oshirish maqsadida o‘zbek mahsulotlari va narx-navosi to‘g‘risidagi maʼlumotlar bazasini taqdim etishni so‘radi.
O‘z navbatida, O‘zbek tomoni tegishli ishchi guruhni tuzib, nafaqat oziq-ovqat mahsulotlari, balki barcha turdagi sanoat tovarlarini, jumladan, elektrotexnika va qurilish mollarini, tekstil mahsulotlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni narxlar kesimida taqdim etilishini bildirdi.
O‘zbek mahsulotlarini Iroqqa olib kelish bo‘yicha transport-logistika yo‘llari va savdo koridorlariga oid masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Tomonlar ikki davlat o‘rtasida savdo hamkorligini yanada kengaytirish, eksport-import tovarlari nomenklaturasini diversifikatsiya qilishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
