Belgiya matbuoti: Amir Temur Sharq va G‘arbni bog‘lagan buyuk tarixiy shaxs
Aprel 11, 2026. 15:00 • 3 daq
• 55
Bryussel, 11-aprel. /“Dunyo” AA/. Belgiyaning nufuzli “Eureflect.com” elektron nashrida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan buyuk bobokalonimizning xalqaro maydondagi nufuziga bag‘ishlangan tahliliy maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, insoniyat tarixi shuni ko‘rsatadiki, har qanday buyuk sivilizatsiya intellektual yutuqlar, maʼnaviy qadriyatlar va boy madaniy meros uyg‘unligida shakllanadi. Markaziy Osiyo azaldan ana shunday tamaddunlar beshigi bo‘lib, u yerda ilm-fan, sanʼat va falsafa taraqqiy etgan, butun insoniyat taraqqiyotiga taʼsir ko‘rsatgan.
Markaziy Osiyo tarixida alohida o‘rin tutgan muhim shaxslardan biri Amir Temurdir. U jahon tarixida buyuk davlat arbobi va mohir sarkarda sifatida tan olingan. XIV asr oxiri va XV asr boshlaridagi murakkab siyosiy vaziyatda u Hindistondan to Yaqin Sharqqa qadar cho‘zilgan ulkan hududni birlashtirib, mustahkam davlat barpo etdi.
Temur siyosatining asosiy ustunlaridan biri diplomatiya edi. U Yevropa davlatlari – Fransiya, Angliya va Kastiliya bilan samarali aloqalar o‘rnatgan. 1402-yildagi Anqara jangidagi g‘alabasi esa Sharq va G‘arb o‘rtasidagi siyosiy muvozanatni o‘zgartirdi. Samarqandga tashrif buyurgan ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo uning davlatini yuqori darajada rivojlangan, tartibli va mehmondo‘st deb taʼriflagan.
Maqola muallifining fikricha, Samarqand Temur davrida nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy va madaniy markazga aylandi. Bu yerda turli xalq vakillari yashar, hunarmandchilik, savdo va meʼmorchilik yuqori darajada rivojlangan edi. Shaharning bog‘lari, sug‘orish tizimlari va bozorlari uning farovonligini namoyon etardi.
Amir Temur davlat boshqaruvida ham o‘ziga xos tizim yaratdi. Uning “Temur tuzuklari” asarida davlatni boshqarishning asosiy tamoyillari bayon etilgan. Unga ko‘ra, davlat to‘rt asosga kengash, muhokama, reja va qatʼiyatga tayanadi. Davlat ishlarining asosiy qismi aql va maslahat bilan hal qilinishi lozimligi taʼkidlangan bo‘lib, bu boshqaruvda adolat va muvozanatning muhimligini ko‘rsatadi.
Temuriylar davrida bu anʼanalar yana-da rivojlandi. Xususan, Mirzo Ulug‘bek davrida ilm-fan yuksak cho‘qqiga ko‘tarildi. U qurdirgan rasadxona va olib borgan ilmiy tadqiqotlar jahon astronomiyasi rivojiga katta hissa qo‘shdi. Bu davr Markaziy Osiyoda Ikkinchi Renessans sifatida eʼtirof etiladi.
Bugungi kunda ana shu boy meros Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazida jamlangan. Markazda Temuriylar davriga oid noyob eksponatlar saqlanadi. Ular orasida “Boysung‘ur Qurʼoni” nomi bilan mashhur bo‘lgan qo‘lyozma alohida ahamiyatga ega. Bu asar nafaqat diniy, balki yuksak badiiy qimmatga ham ega bo‘lib, xattotlik sanʼatining noyob namunasidir.
Shuningdek, markazda Temuriylar davriga mansub tilsimli ko‘ylak ham namoyish etilgan. U Qurʼon oyatlari va muqaddas ismlar bilan bezatilgan bo‘lib, u zamonda insonni ilohiy himoya bilan taʼminlash maqsadida yaratilgan. Bu eksponat o‘sha davrdagi maʼnaviy dunyoqarash va sanʼatning o‘zaro uyg‘unligini yaqqol namoyon etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi