O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik kengaymoqda
Dekabr 22, 2025. 09:46 • 2 daq
• 178DYUSSELDORF, 24-dekabr. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal yeri poytaxtida “O‘zbekistonni kashf eting!” mavzusida turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi tomonidan Sharq-G‘arb iqtisodiy klubi “DRW Wirtschaftsclub Ost-West e.V.” ko‘magida tashkil etilgan ushbu tadbirda turizm sohasi mutaxassislari, nemis ishbilarmon doiralari vakillari hamda jamoatchilik faollari va jurnalistlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida diplomatiya vakolatxonasining iqtisodiyot va turizm masalalari bo‘yicha masʼul kotibi Mirg‘iyos Azimov yig‘ilganlarga yurtimizning boy sayyohlik imkoniyatlari, so‘nggi yillarda sohada amalga oshirilgan tub islohotlar va O‘zbekiston–Germaniya o‘rtasidagi turizm sohasidagi samarali hamkorlik haqida atroflicha maʼlumot berdi.
Xususan, O‘zbekistonning dunyo sayyohlik xaritasidagi o‘rni mustahkamlanib borayotgani alohida qayd etildi. Maʼlumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘n oyi davomida mamlakatimizga 10 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Yevropa davlatlari ichida Germaniya O‘zbekistonga sayohat qiluvchilar soni bo‘yicha yetakchi o‘rinlardan birini egallab turgani taʼkidlandi.
“DRW Ost-West e.V.” klubi boshqaruvi raisi Rayner Bisgen tashkilot 2013-yildan buyon G‘arbiy – Sharqiy Yevropa ham Markaziy Osiyo kompaniyalari rahbarlari o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tab kelayotganini taʼkidladi. “Biz uchun do‘stona muhitda muloqot qilish juda muhim. O‘zbekiston iqtisodiy hamkor sifatida tobora jozibador bo‘lib bormoqda. Respublika iqtisodiyotni isloh qilish, uni bozor tamoyillari asosida rivojlantirish hamda xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldi. Bu kabi tadbirlar ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi”, – dedi u.
Taqdimotda YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent kabi tarixiy shaharlarning jozibadorligi, zamonaviy mehmonxona xizmatlari va sayyohlar uchun yaratilgan vizasiz rejim imkoniyatlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbekistonning GFRdagi elchixonasi tomonidan ushbu salohiyatli federal o‘lka poytaxtida doimiy tarzda mamlakatlarimiz o‘rtasida yuqori darajadagi tadbirlar o‘tkazib kelinadi. O‘tkazilgan biznes-muloqotlarda iqtisodiy hamkorlik va Yevropa kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirishi masalalari muhokama qilingan bo‘lsa, galdagi tadbir ikki davlat o‘rtasidagi turizm yo‘nalishini yana-da kuchaytirishga qaratildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga yurtimizning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan videolavhalar namoyish etildi va o‘zbekona dasturxon yozilib, gastronomiya turizmi namoyish etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Shveysariyada O‘zbekistonning turizm salohiyati namoyish etildi
Nemis turoperatorlari O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati bilan tanishdi
O‘zbekiston–Yaponiya o‘rtasida sayyohlar almashinuvi rivojlanmoqda



