O'zbekiston mustaqilligining o'ttiz uch yilligi Germaniya poytaxtida keng tantana qilindi
Oktabr 02, 2024. 12:50 • 3 daq
• 617
BERLIN, 2-oktabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasida O'zbekiston mustaqilligining o'ttiz uch yilligiga bag'ishlangan tantanali marosim bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda GFRning rasmiy, siyosiy, ishbilarmon doiralari va jamoatchilik vakillari, shuningdek, Berlinda akkreditatsiya o'tgan xorijiy mamlakatlarning elchilari va diplomatik vakolatxonalar xodimlari, jurnalistlar qatnashdi.
Tadbirda nemis tomonidan faxriy mehmon sifatida Germaniya Bundestagi (parlamenti) a'zosi, GFR hukumatining Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Moldova bilan jamiyatlararo aloqalar bo'yicha muvofiqlashtiruvchisi Robin Vagener va Germaniya Ichki ishlar va Vatan federal vazirligi departamenti direktori Ulrix Vaynbrenner ishtirok etdi.
Bayram tadbiri boshlanishi oldidan O'zbekiston va Germaniya davlatlarining madhiyalari jonli tarzda ijro etildi.
O'zbekiston elchisi Dilshod Axatov o'zining tabrik nutqida, mustaqillik yillarida, ayniqsa, so'nggi yetti yilda Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli demokratik, huquqiy, hamda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar xususida so'zlab, mamlakatimizning barcha sohalarda bosib o'tayotgan taraqqiyot yo'lini, jumladan, 27 oktyabr kuni bo'lib o'tadigan parlament saylovlarini alohida ta'kidladi. U shuningdek, O'zbekiston va Germaniya o'rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning har qachongidan ham jadal va samarali rivojlanayotganini urg'ulab, yaqinda Germaniya Federal Kanslerining O'zbekistonga rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida muhim voqea bo'lganini va u keng qamrovli hamda o'zaro manfaatli hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqqanini qayd etdi. Elchi tashrif davomida erishilgan kelishuv va imzolangan bitimlar ikki tomonlama aloqalarni yanada jadallashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Germaniya Bundestagi a'zosi, GFR hukumatining Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Moldova bilan jamiyatlararo aloqalar bo'yicha muvofiqlashtiruvchisi Robin Vagener o'z navbatida, O'zbekiston Mustaqillik kuni bilan yurtimiz aholisini o'z mamlakati parlamenti va hukumati nomidan samimiy tabrikladi. "Bundan 33 yil muqaddam O'zbekiston o'z mustaqilligini qo'lga kiritdi va 30 yildan ortiq vaqtdan buyon Germaniya O'zbekiston bilan ishonchli sheriklar sifatida hamkorlik qilib kelmoqda", dedi u.
U GFR Kanslerining yaqinda O'zbekistonga buyurgan rasmiy tashrifi yakunlariga to'xtalib, uni ikki tomonlama munosabatlarda qanchalik katta ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi. "Tashrif juda samarali bo'ldi. Hukumat rahbarining O'zbekistonga rasmiy tashrifi davomida erishilgan muhim hukumatlararo bitim va kelishuvlar, shuningdek, Markaziy Osiyo bilan o'rnatilgan mintaqaviy sheriklik Germaniya uchun bu munosabatlarning strategik ahamiyati yuqori ekanligini ko'rsatdi", dedi u.
Germaniya Federal ichki ishlar vazirligi departamenti direktori Ulrix Vaynbrenner mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikning afzalliklari va O'zbekistonning Germaniya bilan hamkorligini kengaytirish tarixiy ahamiyatga ega ekanligini ta'kidladi."Rasmiy tashrif doirasida Samarqandda Germaniya va O'zbekiston o'rtasidagi migratsiya va mobillik to'g'risida hukumatlararo bitimning imzolangani, shuningdek, boshqa qator muhim kelishuvlarga erishilgani ikki tomonlama munosabatlarimizda katta yutuq bo'ldi" , dedi u.
"So'zim avvalida, mamlakatlarimiz tomonidan tashkil etilgan Germaniya-O'zbekiston forumi haqida to'xtalib o'tmoqchiman, – dedi Germaniya-O'zbekiston forumi prezidenti Detlef Prins o'zining qutlov nutqida. – Bir necha oy avval tashkil etilgan Forum bugun Germaniyaning tibbiyot, madaniyat, biznes, kichik va o'rta biznes hamda federal hukumat vakillarini O'zbekiston bilan hamkorlik qilish sari birlashtiradi"
U, shuningdek, shu yil 9-oktabr kuni Toshkentda forumning O'zbekiston-Germaniya gazetasi taqdimoti o'tkazilishini ma'lum qildi. Qayd etilishicha, mazkur nashrda Germaniya va O'zbekistonda siyosiy, iqtisodiy jarayonlar muntazam yoritib boriladi hamda u o'zaro almashinuv, o'zaro tushunishni yaxshilashga xizmat qiladigan muhim platformaga aylanadi.
Shuningdek, tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni, iqtisodiy va turizm salohiyati haqida hikoya qiluvchi videolavhalar namoyish etildi.
Mehmonlar e'tiboriga P.Chaykovskiy nomidagi Moskva davlat konservatoriya bitiruvchisi, hozirda Berlinda ijod qilayotgan vatandoshimiz Inobat Ahmedova (fortepiano) va uning shogirdi, milliy va xalqaro tanlovlar sovrindori Ferdinand Glaux (skripka) o'zbek kompozitori Fattoh Nazarovning "Qo'shiq va raqs" hamda jahon kompozitorlari musiqa asarlaridan iborat konsert dasturi taqdim etildi. Shuningdek, adabiyotshunos Hafiza Qo'chqarova Vatan mavzusidagi she'rlarini o'zbek va nemis tillarida o'qib berdi.
Madaniy dasturlar mustaqilligimizning 33 yilligi tadbiriga o'zgacha shukuh baxsh etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Abu-Dabi shahrida O'zbekiston mustaqilligining o'ttiz uch yilligi keng shodiyona qilindi
O'zbekiston mustaqilligining o'ttiz uch yilligi Yaponiya poytaxtida keng nishonlandi
Hindiston poytaxtida O'zbekiston davlat mustaqilligining 33 yilligi keng nishonlandi
O'zbekiston mustaqilligining o'ttiz uch yilligi Qirg'izistonning O'sh shahrida tantana qilindi