Logo

O'zbekiston mustaqilligining o'ttiz uch yilligi Qirg'izistonning O'sh shahrida tantana qilindi

Sentabr 23, 2024. 17:22 • 2 daq

531
O'zbekiston mustaqilligining o'ttiz uch yilligi Qirg'izistonning O'sh shahrida tantana qilindi

O'Sh, 23-sentabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz Bosh konsulxonada O'zbekiston mustaqilligining o'ttiz uch yilligiga bag'ishlangan rasmiy qabul marosimi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Qirg'izistonning O'sh, Jalolobod va Botken viloyatlari, rasmiy idoralar rahbariyati va vakillari, O'zbek milliy-madaniy markazi faollari, ushbu davlatda tahsil olayotgan vatandosh talabalar ishtirok etishdi.


Qirg'iz tomonidan marosimning asosiy mehmoni sifatida mamlakat rahbarining O'sh viloyatidagi vakolatli vakilining iqtisod, investitsiyalar va savdo masalalari bo'yicha o'rinbosari Iliaz Tashbayev va O'sh shahri merining birinchi o'rinbosari Mars Isayev qatnashdi.


Qirg'iziston Prezidentining O'sh viloyatidagi vakolatli vakili o'rinbosari Iliaz Tashbayev tadbirdagi nutqida birodar o'zbek xalqini va ishtirokchilarni mamlakat rahbariyati nomidan O'zbekiston Mustaqilligi kuni bilan tabrikladi. "So'nggi yillarda qirg'iz-o'zbek aloqalari barcha sohalarda o'sib bormoqda. O'zbekiston rahbariyatining amalga oshirayotgan islohotlari natijasida respublika nafaqat mintaqada, qolaversa dunyo hamjamiyati orasida ham katta obro'-e'tiborga sazovor bo'ldi. Mamlakatlarimiz yetakchilarining siyosiy irodasi va yaqin do'stligi natijasida Qirg'iziston bilan O'zbekiston aloqalari mustahkamlandi. Ushbu yaqin munosabatlar Markaziy Osiyoda tinchlik, rivojlanish va farovonlikni ta'minlashga xizmat qilmoqda", - dedi Iliaz Tashbayev.


O'sh shahar merining birinchi o'rinbosari Mars Isayev o'z navbatida, o'zbek va qirg'iz xalqlari o'rtasidagi do'stlik aloqalari bir necha ming yillar davomida mustahkamlanib kelinayotganini ta'kidladi. "Yaxshi qo'shnichilik va birodarlik aloqalari mamlakatlarimiz hamda xalqlarimiz o'rtasida har tomonlama savdo-sotiq, iqtisodiyot, madaniyat va ta'lim tizimini yana-da rivojlanishiga mustahkam zamin bo'lyapti", - dedi u.


Qirg'iziston O'zbek milliy madaniy markazining Janubiy viloyatlar bo'yicha rahbari Odiljon Atajanov O'zbekiston mustaqilligining o'ttiz uch yilligi bayrami munosabati bilan xalqimizga o'zining samimiy tilaklarini bildirdi.


"Hech kimga sir emaski, O'zbekiston mustaqillik yillarida ulkan yutuqlarga erishdi, ayniqsa, so'nggi yillarda barcha sohalarda jadallik bilan rivojlanib, Markaziy Osiyo mintaqasining eng taraqqiy etgan mamlakatiga aylandi. Albatta, birodar O'zbekiston erishayotgan yutuqlar biz, Qirg'izistonda istiqomat qilayotgan o'zbeklarni ham befarq qoldirmaydi. O'zbekistonda har bir sohada amalga oshirilayotgan ijobiy o'zgarishlar, xoh u iqtisod, madaniy-gumanitar yoki sport jabhasi bo'lsin, biz ham bu ushbu yutuqlardan xursand bo'lamiz", - dedi u.


 Tadbirning madaniy qismida "O'zbekkonsert" davlat muassasasining Farg'ona viloyati bo'limi xonandalari tomonidan taqdim etilgan dastur yig'ilganlarga bayramona kayfiyat va alohida shukuh baxsh etdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish