Hindiston poytaxtida O'zbekiston davlat mustaqilligining 33 yilligi keng nishonlandi
Sentabr 28, 2024. 10:03 • 3 daq
• 540
DEHLI, 28-sentabr. /"Dunyo" AA/. Hindiston poytaxtida O'zbekiston davlat mustaqilligining 33 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosim bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Bayram tadbirida Hindiston ijtimoiy-siyosiy, ishbilarmon va akademik doiralari vakillari, diplomatlar, vatandoshlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O'zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev mustaqillikning milliy davlatchiligimiz qayta tiklanishi va taraqqiy topishidagi ulkan ahamiyati, istiqlol tufayli mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi o'rni yuksalib borayotgani haqida so'z yuritdi. Yangi O'zbekiston bunyod etish g'oyasi atrofida jipslashgan o'zbek xalqi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida hayotimizning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar samarasida salohiyatli yutuqlarga erishayotgani alohida ta'kidlandi.
Mamlakatimizda bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyot izchil shakllantirilayotgani, ushbu yo'nalishdagi xalqaro hamkorlik ko'lami izchil kengaytirilayotgani, Yangi O'zbekiston xorijiy davlatlar, jumladan, Hindistonning yetakchi kompaniyalari uchun jozibali maskanga aylangani urg'ulandi.
Hindiston tashqi ishlar davlat vaziri Pabitra Margerita ikki davlat o'rtasidagi strategik hamkorlik so'nggi yillarda izchil rivoj topayotganini qayd etdi. O'zbekistondagi yangilanish va o'zgarishlar jarayoni uzoq tarixga ega o'zaro munosabatlarni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqish uchun qulay sharoit yaratayotganini e'tirof etdi.
Tantanali marosimda O'zbekiston va Hindiston ishbilarmon doiralari vakillarining hamkorlik aloqalari izchil faollashayotgani, bugungi kunda mamlakatimizda 420 dan ortiq O'zbekiston-Hindiston qo'shma korxona, jumladan, 100 foiz xorij kapitali ishtirokidagi korxonalar faoliyat yuritayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Joriy yil ikki mamlakat o'rtasidagi amaliy aloqalar sezilarli mustahkamlandi, turli darajalardagi delegatsiyalar almashish sur'ati tezlashdi. Xususan, shu kunlari Hindiston moliya vaziri Nirmala Sitharaman boshchiligidagi delegatsiya O'zbekistonda bo'lib turibdi va samarali muzokaralar o'tkazmoqda. Sentyabr oyining boshida Toshkent va Nukus shaharlarida yirik hind kompaniyalari vakillari ishtirokida biznes-forum va boshqa tadbirlar uyushtirildi.
Shuningdek, hududlar o'rtasida rivojlantirilayotgan aloqalar o'zaro munosabatlarning yangi muhim tarkibiy qismiga aylanib ulgurdi. Andijon va Gujarat, Farg'ona va Haryana, Samarqand va Agra, Buxoro va Haydarobod o'rtasidagi rishtalar boshqa hududlar vakillari uchun rag'batlantiruvchi namuna bo'lmoqda.
Dehli, Haydarobod, Daman, Chennay, Bengaluru, Mumbay, Laknau, Kojikode, Prayagraj shaharlarida O'zbekistonning iqtisodiy, sarmoyaviy, eksport va sayyohlik salohiyatiga oid rang-barang taqdimotlar tashkil etildi.
O'zbekistonning farmatsevtika, axborot texnologiyalari, elektrotexnika, ta'lim, oziq-ovqat sanoati va boshqa sohalari delegatsiyalarining tashriflari voqealarga boy bo'ldi. Shuningdek, Xorazm viloyati delegatsiyasi Dehli, Bengaluru va Chennay shaharlarida samarali uchrashuv va muzokaralar o'tkazdi.
Turizm sohasidagi o'zaro aloqalar so'nggi yillarda bir necha marta faollashdi. Jumladan, 2023-yil O'zbekistonga qariyb 50 mingga yaqin hindistonlik sayyoh safar qildi va bu ko'rsatkich 2022 yilga nisbatan 3 marta ko'p bo'ldi. Joriy yil 100 ming nafarga yaqin hindistonlik turistni o'zbek zaminiga safar qilishi kutilmoqda.
Tantanali tadbir doirasida "Business Central Asia" jurnalining O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar va yangilanish jarayoniga bag'ishlangan maxsus soni taqdim etildi.
"Guldasta" guruhi taqdim etgan hamda o'zbek va hind xalqlarining ashula va raqslaridan tashkil topgan rang-barang musiqiy dastur marosim ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Rasmiy qabul marosimi ishtirokchilari O'zbekiston-Hindiston strategik hamkorligining istiqbollari yuksak ekani haqida yakdil fikr bildirdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Abu-Dabi shahrida O'zbekiston mustaqilligining o'ttiz uch yilligi keng shodiyona qilindi
O'zbekiston mustaqilligining o'ttiz uch yilligi Yaponiya poytaxtida keng nishonlandi
O'zbekiston mustaqilligining o'ttiz uch yilligi Qirg'izistonning O'sh shahrida tantana qilindi