Logo

O'zbekiston mustaqilligining o'ttiz uch yilligi Yaponiya poytaxtida keng nishonlandi

Sentabr 30, 2024. 09:03 • 3 daq

788
O'zbekiston mustaqilligining o'ttiz uch yilligi Yaponiya poytaxtida keng nishonlandi

TOKIO, 29-sentabr. /"Dunyo" AA/. Tokio shahridagi "New Otani" mehmonxonasida O'zbekiston mustaqilligining o'ttiz uch yilligiga bag'ishlangan rasmiy qabul marosimi o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston elchixonasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Yaponiya parlamenti va hukumati a'zolari, iqtisodiy, siyosiy, ekspert, akademik, turizm, madaniy-gumanitar sohalar vakillari, Tokio shahrida akkreditatsiyadan o'tgan diplomatik korpus, shuningdek, kunchiqar mamlakatda tahsil olayotgan va ishlayotgan vatandoshlar, "Tourism EXPO Japan 2024" xalqaro turizm ko'rgazmasida ishtirok etish maqsadida tashrif buyurgan Turizm qo'mitasi raisi boshchiligidagi delegatsiya vakillari ishtirok etdi. 


Tadbir avvalida yaponiyalik san'atkorlar tomonidan yapon milliy cholg'u asbobi "koto"da bastalangan ikki davlat madhiyalari ijro etildi.


Qabul marosimini O'zbekiston elchisi Muxsinxo'ja Abdurahmonov qutlov nutqi bilan ochib berdi. Elchi bu yil mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligi "Bir bo'lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!" nomli bosh g'oya asosida keng nishonlanayotganini ta'kidladi. Diplomatik missiya rahbari O'zbekistonda so'nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko'lamli islohotlar, yurtimiz ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida erishilayotgan yutuqlar va yangilanishlar, shuningdek, Yaponiya bilan bugungi kunda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, turizm va madaniy-gumanitar sohalarda kengayib borayotgan o'zaro yaqin munosabatlar haqida alohida to'xtaldi.


Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari bo'yicha maxsus vakil Ishikava Masaki ushbu mamlakat TIV rahbari Kamikava Yoko yo'llagan tabrigini o'qib eshittirdi.


Yaponiya parlamenti deputati, Yaponiya parlamentining O'zbekiston bilan do'stlik ligasi ijrochi direktori Keysuki Suzuki o'z nutqida, Yaponiya O'zbekistonni Markaziy Osiyo mintaqasidagi strategik sherik davlat sifatida ko'rishi ta'kidlanib, ikki davlat o'rtasidagi savdo-iqtisodiy, siyosiy, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor ekani ta'kidlandi.


Yaponiyaning yetakchi oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi "Ajinomoto Co., Ltd." kompaniya oziq-ovqat departamenti bosh menedjeri Takaxiko Ezaki O'zbekistonga bo'lgan qiziqishi yana-da oshganini bildirdi va kompaniyaning katta vitse-prezidenti Yoshiteru Masayni O'zbekistonga tashrifini ishlab chiqilishini ma'lum qildi.


Rasmiy tadbir davomida Yaponiyaning "Toshiba" xalqaro fondi bilan hamkorlikda Prezident maktablari tizimi uchun grant asosida taqdim qilingan kitoblarni qabul qilib olish marosimi ham o'tkazildi.

Bayram kechasining madaniy qismida Xorazm viloyati san'at ustalari ij etilgan o'zbek milliy kuy va qo'shiqlar barchaga xushkayfiyat ulashdi.


 Shuningdek, "Heisei Project Inc." kompaniyasi prezidenti Masuda Yumiko va O'zbekistonning "Songlomerate studio" kompaniyasi bilan hamkorlikda tasvirga olinayotgan "Yengilmas, Tokioga yo'l" filmi haqida va uning noyabr oyidagi premyerasi to'g'risida ma'lumot berdi.


Bundan tashqari, mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan taniqli yapon fotografi Jin Akino va O'zbekiston madaniyati va turizmi jamiyati bilan hamkorlikda ilk marotaba o'tkazilgan "O'zbekiston yapon sayyohlari nigohida" nomli fotosuratlar tanlovi yakunlari e'lon qilindi. Shuningdek, mazkur tanlovda taqdim etilgan 15 ta eng yuqori baholangan rasmlar namoyish etildi.


Tadbir doirasida yurtimiz hunarmandchilik mahsulotlari, mevalari, taniqli dizayner Hamida Inoyatova tomonidan tayyorlangan o'zbek milliy kiyimlari namoyishi ham tashkil qilindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish