Kuala-Lumpurda Butunjahon turkiy tillar kuni keng nishonlanadi
Fevral 04, 2026. 17:17 • 2 daq
• 153KUALA-LUMPUR, 6-fevral. /“Dunyo” AA/. Malayziya poytaxtida Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi hamda YUNESKOning Butunjahon turkiy tillar kunining ahamiyatiga bag‘ishlangan madaniy tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda turkiy davlatlarning Malayziyadagi diplomatik vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev ishtirokchilarga Alisher Navoiyning turkiy til xazinasiga qo‘shgan bebaho hissasi, uni davlat tili darajasiga ko‘targani haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shu bilan birga, Nizomiy Ganjaviydan keyin aynan Navoiy turkiy tilda “Xamsa” yozgani, bu tilda yirik hajmli va mukammal badiiy asarlar yaratish mumkinligini yana bir bor isbotlagani haqida so‘z yuritdi.
Qolaversa, 2025-yil noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida qabul qilingan Butunjahon turkiy tillar kunini taʼsis etish to‘g‘risidagi rezolyutsiya turkiy tillar rivojida muhim voqea bo‘lgani taʼkidlandi. Ushbu hujjat hozirgi globallashuv sharoitida tillararo va sivilizatsiyalararo hamjihatlik, turli xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikning ishonchli kafolati va tasdig‘i ekani eʼtirof etildi.
Bundan tashqari, O‘rxun-Enasoy yodgorliklari, Alisher Navoiy, Yunus Emro, Abay, Fuzuliy, Maxtumquli kabi buyuk mutafakkirlar ijodidagi bebaho meros turkiy tillarning boyligi ekani qayd etildi.
O‘zbekiston hukumati ushbu noyob merosni yanada rivojlantirish, turkiy tillarning ajralmas qismi bo‘lgan o‘zbek tilining nufuzini yanada oshirish, uning ilm-fan, diplomatiya va xalqaro muloqotdagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan izchil siyosat olib bormoqda.
Anjumanda so‘zga chiqqan Turkiya elchisi Amir Salim Yuksel O‘zbekiston hukumatiga turkiy tillarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun alohida tashakkur bildirdi. U Butunjahon turkiy tillar kunini o‘tkazish haqidagi qaror Samarqandda o‘tkazilgan YUNESKO Bosh konferensiyasida qabul qilingani O‘zbekistonda turkiy tillarni yanada yuksaltirishda samarali chora-tadbirlar amalga oshirilayotganidan dalolat ekanini eʼtirof etdi.
Turk diplomatining fikricha, uzoq kutilgan ushbu tarixiy hujjat turkiy davlatlarning o‘zaro hamjihatligi va madaniy birligini mustahkamlashda yangi bosqichni boshlab beradi.
Tadbir davomida Alisher Navoiy, Abdulla Oripov, Xurshid Davron ijodidan namunalar ijro etildi. Turkiy davlatlar vakillari Malayziyada ushbu tadbirni muntazam ravishda o‘tkazish hamda shu yil 15 dekabrda Kuala-Lumpurda Butunjahon turkiy tillar kuni to‘g‘risidagi rezolyutsiyaning bir yilligini birgalikda keng nishonlashga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


