Logo

Misrlik turoperatorlar O‘zbekistonga qiziqish bildirmoqda

Aprel 21, 2026. 18:55 • 2 daq

117
Misrlik turoperatorlar O‘zbekistonga qiziqish bildirmoqda

QOHIRA, 21-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi tomonidan ushbu davlatdagi “Shadow Tours” sayyohlik kompaniyasi vakillari ­– Yasmin Hamza Ahmed va Rana Hani bilan uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida turizm sohasida xalqaro hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Maʼlum qilinishicha, “Shadow Tours” kompaniyasi 2016-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda Misr, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlarida faoliyat yuritmoqda. Kompaniya asosan madaniy va tarixiy turizm yo‘nalishlariga ixtisoslashgan bo‘lib, turistlar uchun turpaketlar, ekskursiyalar va mehmonxona xizmatlarini taqdim etib kelmoqda.

Uchrashuv davomida tomonlar turizm sohasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini atroflicha muhokama qildi. Xususan, O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosini Misr hamda Afrika davlatlarida keng targ‘ib qilish, turistlar oqimini oshirish, shuningdek, ikki tomonlama turistik aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi.

Misrlik mutaxassislar taʼkidlashicha, Turkiyada O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari haqidagi maʼlumotlar hali yetarli darajada shakllanmagan. Shu bois, maqsadli turistik forumlar tashkil etish, turoperatorlar uchun O‘zbekistonning turistik salohiyatini yorituvchi buklet va jurnallarni tarqatish, axborot-targ‘ibot ishlarini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Muzokaralarda Misr tomoni o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi. “Shadow Tours” kompaniyasi vakillari uchun O‘zbekistonning turistik imkoniyatlariga bag‘ishlangan alohida taqdimot o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Yasmin Hamza Ahmed joriy yil aprel–may oylarida kompaniya vakillarining O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilayotganini qayd etdi. Mehmonlar Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlariga borib, mamlakatning turistik salohiyati bilan yaqindan tanishadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish