O‘zbekiston tajribasi BMT Aholishunoslik va rivojlanish bo‘yicha komissiyasining 59-sessiyasida taqdim etildi
Aprel 16, 2026. 08:15 • 2 daq
• 5
NYU-YORK, 16-aprel. /“Dunyo” AA/. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohida BMT Aholishunoslik va rivojlanish komissiyasining 59-sessiyasi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Aholi, texnologiyalar va barqaror rivojlanish sharoitida tadqiqotlar” mavzusiga bag‘ishlangan ushbu nufuzli tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi delegatsiyasi ishtirok etmoqda. 17 aprelga qadar davom etadigan sessiya doirasida mamlakatimizning demografik jarayonlarni boshqarish va raqamli transformatsiya sohasidagi muvaffaqiyatlari xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga havola etildi.
Delegatsiya chiqishida taʼkidlanganidek, bugungi kunda O‘zbekiston aholisi 38 million nafardan oshgan bo‘lib, uning 55 foizdan ziyodini yoshlar tashkil etadi. Shu munosabat bilan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida inson kapitaliga sarmoya kiritish, xotin-qizlar va yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan. Ayniqsa, 1989 yildan buyon ilk bor o‘tkazilgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayoni ilk marta to‘liq raqamli texnologiyalar asosida amalga oshirilgani yuqori baholandi.
O‘zbekiston vakillari xalqaro majburiyatlarga, xususan, Aholishunoslik va rivojlanish bo‘yicha xalqaro konferensiya (ICPD) Harakatlar dasturiga sodiqligini yana bir bor tasdiqladilar. Taʼkidlanganidek, ro‘yxatga olish natijasida olingan tizimli maʼlumotlar sog‘liqni saqlash, taʼlim va bandlik sohalarida manzilli qarorlar qabul qilish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
Aholishunoslik va rivojlanish bo‘yicha komissiya BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining (EKOSOS) asosiy organlaridan biri bo‘lib, 47 ta aʼzo davlatni birlashtiradi. U demografik tendensiyalarning barqaror rivojlanishga taʼsirini tahlil qilish va 2030-yilgacha bo‘lgan kun tartibini muvofiqlashtirish uchun masʼul hisoblanadi. O‘zbekistonning ushbu maydondagi faol ishtiroki mamlakatimizning global demografik siyosat markazidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi