O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nufuzli “Prix Avicenne” mukofotiga sazovor bo‘ldi
Dekabr 02, 2025. 14:03 • 2 daq
• 154TOSHKENT, 2-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi “Prix Avicenne – 2025” nufuzli mukofotiga sazovor bo‘ldi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Fransiyaning yetakchi ilmiy tashkilotlari tomonidan taʼsis etilgan “Prix Avicenne” mukofoti gumanitar va tabiiy fanlarda ko‘rsatilgan muhim yutuqlar hamda tarixiy va ilmiy merosni saqlash va targ‘ib etishga qo‘shilgan hissa uchun beriladi.
Avitsenna mukofotini topshirish marosimi Parijda bo‘lib o‘tdi. O‘sha kuni Fransiya Milliy tibbiyot akademiyasi binosiga xorijning yetakchi olimlari, tibbiyot mutaxassislari, sharqshunoslar, islom merosi bo‘yicha nufuzli ekspertlar yig‘ildi.
Tantanali marosimda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga “Prix Avicenne” mukofoti – buyuk Avitsenna yodgorlik haykalchasi va diplomi topshirildi.
Tashkilotchilarning taʼkidlashicha, ushbu mukofot Islom sivilizatsiyasi markazining buyuk olim Ibn Sino merosini o‘rganishda zamonaviy yondashuvlarning joriy etgani uchun taqdim etilgan. Qolaversa, mutaxassislar markazning ilmiy-madaniy soha rivojiga qo‘shayotgan hissasi, jahon gumanitar fanlariga berayotgan eʼtibori hamda yangi loyihalarni ishlab chiqayotganini alohida eʼtirof etdi.
– Ushbu mukofot Prezidentimizning yurtimizda har bir sohaga berayotgan yuksak eʼtibor va rag‘batiga berilgan baho bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi, – deydi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, O‘Zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha Jahon jamiyati raisi Firdavs Abduxolikov. – Yaratilgan shart-sharoitlar asosida markazimizda Avitsennaning eng nodir qo‘lyozma asarlari qayta tiklandi. Eng yirik ixtisoslashtirilgan arxivlar va elektron kataloglar yaratildi. “Tib ilmi qonuni” qo‘lyozmalarini solishtiruvchi xalqaro ilmiy loyihalar olib borilmoqda. Tibbiyotga oid ilmiy asarlarni tiklash yo‘nalishlari rivojlantirilmoqda. Markaziy Osiyodagi buyuk mutakallimlarning jahon fanlariga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalar tashkil etilmoqda.
Tadbirda Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgan ko‘plab mutaxassislar ushbu muassasa haqida to‘lqinlanib so‘zladi, iliq fikrlar bildirildi. Markazda yaratilgan ekspozitsiyalar, Avitsenna merosini o‘rganish va tadqiq qilish bo‘yicha imkoniyatlar muhim ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Germaniya poytaxtida o‘zbek so‘zanalari ko‘rgazmasi tashkil etildi
Polshada “Ayol qismati” o‘zbek filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi
“Anna German qo‘shiqlari” festivalida yurtdoshlarimiz sovrindor bo‘ldi
Taniqli o‘zbek pianinochisi Germaniyada navbatdagi konsert dasturini namoyish etdi

