Taniqli o‘zbek pianinochisi Germaniyada navbatdagi konsert dasturini namoyish etdi
Dekabr 03, 2025. 09:39 • 2 daq
• 225BERLIN, 4-dekabr. /“Dunyo” AA/. Germaniya poytaxtida “Grünau” jamiyati qoshidagi “KulturTribüne” sahnasida o‘zbekistonlik taniqli pianinochi Eleonora Kotlibulatovaning konsert dasturi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Eleonora Kotlibulatova 1986-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Besh yoshida onasidan fortepiano chalishni o‘rganadi. V.Uspenskiy nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabida tajribali ustozlardan saboq oladi. U bungacha “Turkiston” kamer orkestri hamrohligida solist sifatida sahnaga chiqib, ilk konsert dasturini namoyish qilgan. Isteʼdodli yosh pianinochi Germaniyaning Rostok shahridagi musiqa va teatr oliy maktabida tahsil olgan. 2014-yilda Yevropadagi taniqli musiqa dargohini muvaffaqiyatli tamomlagan.
Eleonora Kotlibulatova fortepiano konsert kechasida mashhur Frederik Shopen, Sergey Raxmaninov va Pyotr Chaykovskiyning musiqiy asarlaridan iborat dasturni taqdim etdi. Ijro davomida romantik musiqaning yuksak mahorat, nozik did va jozibali ohang palitrasi bilan uyg‘unlashgani tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
“30 yildan buyon sanʼat olamidaman. Ko‘plab konsertlar tashkil etdim. Eleonora Kotlubulatova ajoyib qobiliyat sohibi. Mashhur sanʼatkorlar asarlarini mahorat bilan ijro etish uchun nafaqat mahorat, balki katta jismoniy kuch ham zarur. Eleonoraning taniqli sanʼatkorlar qatoridan joy olib borayotganidan xursandman. Uning konsert dasturida guvohi bo‘lganingizdek, zal muxlislarga to‘ldi. Bu ham ijodkorga ko‘tarinki ruh va mamnuniyat bag‘ishladi”, – deydi “Grünau” jamiyati aʼzosi, konsert tashkilotchi Renate Rush.
Eleonora Kotlibulatova qator nufuzli xalqaro darajadagi tanlovlarda eʼtirof etilgan. Xususan, Kiyevdagi “XXI asr sanʼati” xalqaro tanlovi, Parijdagi Nikolay Rubinshteyn nomidagi ko‘rik-tanlov, Ruminiya va Malayziyada o‘tkazilgan tanlovlarda sovrindori bo‘lgan. U Yevropa, Osiyo va Amerika mamlakatlarida o‘tkazilgan konsert dasturlarida ishtirok etib, mamlakatimiz musiqiy sanʼatini dunyoga tanitmoqda. Ayni paytda u Berlin shahrida fortepiano o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritmoqda.
“Berlinda navbatdagi yakkaxon konsertimni o‘tkazdim, bu galgi dastur “Muhabbat” mavzusiga bag‘ishlandi. Konsert zalining muxlislar bilan to‘lgani, tomoshabinlar meni juda iliq kutib olishganidan juda quvondim. Bugungi musiqiy chiqishimda elchixona vakillarini tashrifi menga o‘zgacha quvonch bag‘ishladi. Buning uchun mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasiga minnatdorlik bildiraman. Germaniyada ona Vatanim – O‘zbekistonni namoyish etish men uchun juda sharafli va faxrli. O‘z ijrolarimni doimo yurtimga bag‘ishlayman. Chunki musiqa bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarimni aynan O‘zbekistondagi ustozlarimdan olganman. Germaniyadagi konsert dasturlarimda vatandoshlarimiz, mamlakatimiz meni qo‘llab-quvvatlab turgani menga kuch beradi”, – deydi Eleonora Kotlibulatova.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Germaniya poytaxtida o‘zbek so‘zanalari ko‘rgazmasi tashkil etildi
Polshada “Ayol qismati” o‘zbek filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi
“Anna German qo‘shiqlari” festivalida yurtdoshlarimiz sovrindor bo‘ldi



