Logo

Suhayl Xon: Markaziy Osiyoda yopiq chegaralar, hal etilmagan nizo va mojarolar davri o‘tmishda qoldi

Dekabr 31, 2025. 09:00 • 4 daq

189
Suhayl Xon: Markaziy Osiyoda yopiq chegaralar, hal etilmagan nizo va mojarolar davri o‘tmishda qoldi

Pekin, 26-dekabr. / “Dunyo” AA/. ShHT Bosh kotibi o‘rinbosari Suhayl Xon O‘zbekiston xalqini yaqinlashib kelayotgan yangi yil bayrami bilan tabriklab, mamalakatimiz va tashkilot o‘rtasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar haqida fikr bildirdi:

­– Toshkent tibbiyot instituti bitiruvchisi sifatida O‘zbekiston taraqqiyotini alohida qiziqish bilan kuzataman. So‘nggi yillarda O‘zbekistonga amalga oshirgan safarlarim mamlakatdagi o‘zgarishlarning taʼsirchan surʼatiga bevosita ishonch hosil qilish imkonini berdi.

Keng ko‘lamli o‘zgarishlar – yangi infratuzilma yaratilgani, shaharlar modernizatsiya qilingani va eng muhimi, odamlar farovonligi sezilarli darajada oshgani meni hayratga soldi.

Bu yutuqlar faol tashqi siyosat va chuqur o‘ylangan ichki islohotlar bilan uyg‘unlashib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tutgan yo‘lning tarixiy to‘g‘riligini yaqqol tasdiqlaydi.

Bugungi kunda O‘zbekiston ochiq diplomatiya siyosatiga ishonch bilan o‘tdi, bunda qo‘shnilar bilan munosabatlarni mustahkamlash ustuvor ahamiyat kasb etdi. Oldimizga Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik makoniga aylantirishdek, strategik vazifa qo‘yilgan.

Bir qator strategik va tub o‘zgarishlarni hisobga olgan holda, maqsadga erishilganini taʼkidlash mumkin. Yopiq chegaralar, hal etilmagan nizo va mojarolar davri o‘tmishda qoldi. Eski masalalarni hal qilish bo‘yicha faol saʼy-harakatlar mintaqadagi muhitni tubdan o‘zgartirdi.

Joriy yilda Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi samarali hamkorlikning yorqin namunasi bo‘ldi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli ko‘plab dolzarb masalalarga yechim topildi, birgalikda rivojlanish, farovonlik va aholi farovonligi uchun mustahkam poydevor yaratildi. Xususan, so‘nggi yillarda mintaqada o‘zaro savdo, investitsiyalar va transport tashuvlari hajmi 5 barobar oshdi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston ko‘plab yirik davlatlar bilan sifat jihatidan yangi strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi, xalqaro jarayonlarning masʼuliyatli va konstruktiv ishtirokchisi sifatidagi rolini mustahkamladi.

Shu maʼnoda, tashkil etilgan xalqaro mexanizm – Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari samaradorligini alohida taʼkidlamoqchiman. Shu yil noyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan yettinchi yig‘ilishida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan mintaqani yana-da rivojlantirishga qaratilgan ko‘plab dolzarb tashabbuslar ilgari surildi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibining o‘rinbosari sifatida O‘zbekistonning ShHT kun tartibini shakllantirish va strategik maqsadlarini amalga oshirishdagi anʼanaviy faol rolini ishonch bilan qayd etaman.

Joriy yil 1-sentyabrda Shanxay hamkorlik tashkilotining Tyanszin sammiti bo‘lib o‘tdi. Ushbu ulkan voqea Xitoyning 2024–2025-yillardagi raisligining cho‘qqisi bo‘ldi va Tashkilotimiz taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqdi.

Ko‘plab yangi tashabbuslar ilgari surildi. Ular orasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sermazmun va amaliyotga yo‘naltirilgan takliflarini alohida qayd etish lozim. Ular barcha muhim yo‘nalishlarni, xususan, siyosiy hamkorlikni mustahkamlash, xavfsizlik mexanizmlarini takomillashtirish, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish, gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalarini qamrab olgan.

O‘zbekiston tomoni nafaqat bunyodkorlik tashabbuslarini taklif qilmoqda, balki ularni faol ilgari surmoqda va amalga oshirmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekiston ko‘p tomonlama diplomatiyasining yana bir muhim yutug‘i – YUNESKO Bosh konferensiyasi Buyuk Ipak yo‘lining durdonasi, uch ming yillik tarixga ega, tinchlik va xalqlar do‘stligi shahri bo‘lgan qadimiy va hamisha navqiron Samarqandda o‘tkazilganini taʼkidlash lozim.

O‘zbekistondagi o‘zgarishlarning asosiy poydevori keng ko‘lamli ichki islohotlar bo‘ldi. Iqtisodiyotda bir qator muhim o‘zgarishlar – valyuta bozorini liberallashtirish, keng ko‘lamli xususiylashtirish va mintaqadagi eng jozibador investitsiya muhitlaridan birini yaratish muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Davlat o‘sish va ish o‘rinlarini yaratishning asosiy omili sifatida xususiy biznesga eʼtibor qaratib, ishtirok etishni izchil kamaytirmoqda.

Shu maʼnoda, transport aloqalari rivojlanayotgani va ulkan tranzit salohiyati ochilayotganini qayd etmoqchiman. Aʼzo davlatlar Tyanszin deklaratsiyasida mintaqa va dunyo uchun muhim strategik va iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi boshlanganini qayd etdi.

Umuman olganda, islohotlar natijalari hayratlanarli. So‘nggi sakkiz yilda yalpi ichki mahsulot hajmi 2 barobar o‘sib, o‘tgan yili 115 milliard dollarga yetdi. Ijtimoiy sohada fuqarolar farovonligi birinchi o‘ringa qo‘yildi, o‘qituvchilar, shifokorlar va ijtimoiy soha xodimlarining ish haqi bir necha barobar oshirildi, yetakchi xorijiy universitetlarni jalb qilish dasturi amalga oshirilmoqda. Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rildi – so‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich 35 foizdan 6 foizga tushdi.

Toshkentda bo‘lib o‘tgan ShHT doirasidagi anjumanlardan birida ishtirok etish asnosida Tibbiyot akademiyasida bo‘lib, uning faoliyati, erishilgan yutuqlar, talabalarning taʼlim olishi uchun yaratilgan barcha shart-sharoitlar bilan tanishdim. Mamlakatimizdagi boshqa taʼlim muassasalari qatori mazkur oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgan xorijlik talabalar soni ko‘payganining o‘ziyoq mamlakat taʼlim tizimini jahon darajasiga ko‘tarilganidan dalolat beradi.

Kotibiyatda Gumanitar masalalar bo‘yicha departamentga rahbarlik qilar ekanman, O‘zbekistonning yoshlar sportini rivojlantirishdagi tarixiy yutuqlarini taʼkidlamasdan ilojim yo‘q. Mamlakat terma jamoasining 2026-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatiga chiqishi tarixiy voqea bo‘ldi. Bu muvaffaqiyat tizimli ishlar natijasidir. Boks, kurash, dzyudo, shaxmat va boshqa sport turlari bo‘yicha erishilgan natijalar tahsinga sazovor.

Chekka shahar va qishloqlarda sport inshootlarini qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Bu tizimli ishlar xalqaro maydonda yuqori natijalarga erishish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Umuman olganda, islohotlar xalq hayotining barcha sohalarini qamrab olmoqda. Ishonchim komilki, belgilangan barcha vazifalarning amalga oshirilishi O‘zbekistonning kelgusi o‘n yilliklardagi farovonligi va barqaror taraqqiyoti uchun lokomotiv bo‘lib xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zebo Meliyeva

zebo@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish