Logo

O'zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida "Olti dyuym tuproq" hujjatli filmining taqdimoti bo'lib o'tdi

Aprel 28, 2025. 11:41 • 2 daq

1470
O'zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida "Olti dyuym tuproq" hujjatli filmining taqdimoti bo'lib o'tdi

LONDON, 28-aprel. /"Dunyo" AA/. "Yer kuni" munosabati bilan O'zbekiston elchixonasida taniqli britaniyalik kinorejissyor Kolin Ramsey tomonidan suratga olingan "Olti dyuym tuproq" ("Six Inches of Soil") nomli hujjatli filmning taqdimoti o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Six Inches of Soil" Britaniyada suratga hujjatli film bo'lib, u regenerativ qishloq xo'jaligi va agroekologiya sohalariga bag'ishlangan. Filmda yosh fermerlarning bir yillik tajribalari orqali tuproqni tiklash hamda ekologik va toza oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish jarayonlari haqida hikoya qilingan. Unda regenerativ qishloq xo'jaligining, ya'ni tuproqni sog'lomlashtirish, biologik xilma-xillikni tiklash va iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish uchun ekologik barqaror usullar batafsil yoritilgan.

Tadbirda Britaniyaning ilmiy-akademik va jamoat doiralari vakillari, talabalar va hamyurtlarimiz qatnashdi.

O'zbekiston elchisi Ravshan Usmonov taqdimot avvalidagi nutqida ishtirokchilarni respublikamizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar hamda o'zbek-britan hamkorlikning joriy holati va istiqbollari haqida so'zlab berdi.

Xorijiy tomonga O'zbekiston rahbariyati tomonidan atrof-muhit himoyasi hamda iqlim o'zgarishi sohalarida, jumladan tabiatni asrash, suv resurslarini tejash yo'nalishlarida olib borilayotgan sa'y-harakatlar, shuningdek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ta'sis etilgan Iqlim kengashi faoliyati va uning asosiy vazifalari to'g'risida ma'lumot berildi.

Shu yilning 4-5 aprel kunlari bo'lib o'tgan birinchi Samarqand xalqaro iqlim forumi yakunlariga, forum doirasida O'zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarga alohida e'tibor qaratildi.

"Olti dyuym tuproq" hujjatli film rejissyori Kolin Ramsey va boshqalar o'z chiqishlarida iqlim o'zgarishi, atrof-muhit himoyasi, chang bo'ronlariga qarshi kurashish va atmosfera havosi sifatini yaxshilash bo'yicha O'zbekiston tashabbuslarini yuksak baholadilar.

–O'zbekiston elchixonasi bilan hamkorlikda "Olti dyuym tuproq" filmning taqdimotini o'tkazganimizdan mamnunmiz. Yer kuni munosabati bilan taqdim etilgan film tadbirda ishtirok etgan talabalar, ishbilarmon doira vakillari va soha mutaxassislariga manzur bo'ldi, degan umiddamiz, – dedi rejissyor Kolin Ramsey. – Ushbu kartinada tuproqni asrash va uning unumdorligini oshirish, ekologik vaziyatni moʻtadillashtirish hamda uning oqibatlarini yumshatish bo'yicha muhim vazifalar yoritilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish