Logo

Moskva shahrida O'zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligiga bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi

Dekabr 07, 2024. 13:18 • 2 daq

222
Moskva shahrida O'zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligiga bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi

MOSKVA, 7-dekabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasida mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligiga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda ekspert, akademik va ilmiy doiralar hamda Rossiya ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Konstitutsiya har bir davlatning suvereniteti, uning davlatchiligi rivoji, fuqarolarning turmush tarzi, jamiyatdagi o'rnini belgilab berishi hamda mustaqil, erkin, tinch va farovon hayotning kafolati, huquqiy demokratik davlat barpo etishning mustahkam poydevori bo'lib xizmat qilishi ta'kidlandi.

Ishtirokchilarga O'zbekiston ilk bor ijtimoiy, dunyoviy, huquqiy davlat, inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat deb belgilangan Konstitutsiyaga kiritilgan o'zgartishlar haqida ma'lumot berildi.

Shuningdek, mamlakatimiz xalqi manfaatlaridan kelib chiqqan holda iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma'rifiy hayotning turli jabhalarida amalga oshirilayotgan o'zgarish va yangiliklar xususida aytib o'tildi.

So'zga chiqqanlar yangilangan Konstitutsiyaning asosiy huquqiy normalari inson huquqlari va qadr-qimmatini himoya qilish, uning ijtimoiy himoyasi va iqtisodiy farovonligini ta'minlash kafolatlarini mustahkamlaganini ta'kidladilar.

Rossiya ekspert va ilmiy doiralari vakillari, shuningdek, O'zbekistonning jahon hamjamiyati, ayniqsa, qo'shni davlatlar bilan hamkorlik, o'zaro yordam, tinchlik va totuvlik asosida do'stona munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirish borasidagi sa'y-harakatlarini yuksak baholadi.

Sergey Afonsev, Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar instituti direktori o'rinbosari:

– O'zbekiston xalqini mamlakatingizda huquqiy tizim hamda jamiyat va davlat o'rtasidagi munosabatlar asoslarini belgilab beruvchi muhim hujjat – Konstitutsiya  qabul qilingan kun bilan tabriklashdan mamnunman.

O'tgan yili O'zbekiston Konstitutsiyasiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish bo'yicha referendumda kuzatuvchi sifatida qatnashdim. Odamlar Konstitutsiyaga o'zgartirish kiritish bo'yicha takliflarni qanday ishtiyoq bilan muhokama qilayotganini, saylov uchastkalariga qanday xursandchilik bilan borganini ko'rdim. Aytishim mumkinki, Konstitutsiyaga kiritilgan yangiliklarning haqiqiy ilk natijalarini bugun ko'rib turibmiz.

Bu yutuqlar bizni, mamlakatingizning do'stlari sifatida xursand qiladi. Umid qilamanki, ushbu natijalar O'zbekiston fuqarolari farovonligini yanada oshirish va mamlakat taraqqiyoti uchun xizmat qiladi.

Bayramingiz bilan!

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish