Germaniyadagi vatandoshlarimiz Mustaqillik bayrami munosabati bilan tabriklar yo'lladi
Sentabr 04, 2024. 15:19 • 3 daq
• 113
BERLIN, 4-sentabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz Mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan Germaniyada mehnat faoliyatini olib borayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlar O'zbekiston xalqiga qalblaridagi eng samimiy tabriklarini yo'lladilar:

Abror G'ofurov, Germaniya yer va suv tadqiqotlari markazi Markaziy Osiyo guruhi rahbari:
– Butun O'zbekiston xalqini mustaqilligimizning 33 yillik bayrami bilan chin dildan tabriklayman. Shonli sana chinakam umumxalq bayrami sifatida ko'tarinki kayfiyatda kutib olinmoqda. Yurtimizdagi ijobiy o'zgarishlarni Germaniyadagi vatandoshlar katta quvonch bilan kuzatib boryapti.
Yangi O'zbekistonimizda amalga oshirilayotgan tub o'zgarish va islohotlar, davlatimizni yangi rivojlanish bosqichiga ko'tarish uchun belgilab olingan strategik yo'l, milliy taraqqiyotimiz istiqbollari xorijliklar oldida bizga faxr tuyg'usini hadya etadi.
Ulug' bayramimiz "Bir bo'lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!" shiori ostida o'tayotgani bag'rikeng xalqimizga turli tadbirlarni tashkil etilayotgani bilan ahamiyatlidir. Mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan yoshlarga ko'rsatilayotgan alohida e'tibor va g'amxo'rlik, har bir sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yirik bunyodkorlik ishlari, shahar va qishloqlarimizning yangi qiyofasi, odamlarimizning baxtli va farovon hayotini ko'rib quvonasan kishi.
Yangi O'zbekistonimizning kelajagi buyuk bo'lishiga ishonamiz. Mustaqillik bayrami bilan O'zbekiston xalqini butun Germaniyadagi vatandoshlar nomidan tabriklayman!
Nigora Oxunova, Germaniyaning Myunxen shahridagi bolalar va o'smirlar uchun ixtisoslashgan "Lillitsan" xususiy klinikasi shifokori, "Xalqlar do'stligi" ko'krak nishoni sohibasi:
– Vatanimizda go'zal tantana, O'zbekistonimiz mustaqilligining 33 yilligi shodiyonasi nishonlanmoqda. So'nggi yillarda mamlakatimizda yoshlar siyosati davlat darajasidagi yo'nalishlardan biriga aylandi.
Biz yoshlarni qo'llab-quvvatlab, kasb-hunarga o'qitib, bandligini ta'minlab, umuman olganda, jamiyatda o'z o'rnimizni topishda munosib shart-sharoitlar yaratilayotgani uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildiramiz.
Ushbu bayram munosabati bilan barcha yurtdoshlarimni chin qalbdan muborakbod etaman!
Mustaqil O'zbekistonimiz bayrog'i hamisha ko'klarda hilpirab turaversin, Mustaqilligimiz abadiy bo'lsin!
Mardona Zuhriddinova, Hannover stomatologlar tayyorlash professional akademiyasi talabasi:
– Aziz vatandoshlar, sizlarni xalqimizning eng ulug', eng aziz bayrami — O'zbekiston Mustaqilligining 33 yilligi bilan Germaniyadagi barcha yoshlar nomidan samimiy muborakbod etaman. Ushbu qutlug' damda yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga farovonlik tilayman.
Biz O'zbekiston farzandlari shunday baxtli insonlarmizki, mana 33 yildan buyon ajdodlarimiz uzoq yillar orziqib kutgan erkin va ozod mamlakatda yashayapmiz. Hukumatimiz tomonidan biz yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar uchun minnatdorligimizni bildiramiz!
Har birimiz uchun kuch-qudrat manbai, saodat maskani bo'lgan jonajon O'zbekistonimiz osmoni doimo musaffo bo'lsin!
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi