Logo

Gunnar Shellenberger: Muvaffaqiyatli hamkorligimiz va yutuqlarimiz O'zbekiston mustaqilligi sharofati tufaylidir

Sentabr 01, 2024. 12:33 • 3 daq

184
Gunnar Shellenberger: Muvaffaqiyatli hamkorligimiz va yutuqlarimiz O'zbekiston mustaqilligi sharofati tufaylidir

BERLIN, 1-sentabr. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning Saksoniya-Anhalt federal o'lkasi landtagi prezidenti Gunnar Shellenberger Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan O'zbekiston xalqiga o'z tabriklarini yo'lladi:

– O'zbekiston bilan ko'p yillardan buyon ishonchli va do'stona hamkorlik olib borayotganimizdan juda mamnunman. Shavkat Mirziyoyev 2016-yilda Prezidentlik lavozimiga kirishganidan buyon mamlakatda barcha sohalarda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotganining guvohi bo'lmoqdamiz.

Shaxsan o'zim Saksoniya-Anhalt landtagi prezidenti va hozirda "Germaniya–O'zbekiston forumi" prezidenti sifatida ishonch bilan ayta olamanki, so'nggi yillarda ko'plab sohalarda samarali hamkorlikni yo'lga qo'yishga erishdik. O'zbekiston bugun xalqaro miqyosda Germaniya, ayniqsa, shaxsan men va Saksoniya-Anhalt federal o'lkasi uchun munosib hamkor mamlakatdir.

Mamlakatlarimiz o'rtasida ko'plab umumiy jihatlarimiz mavjud. O'zbekistonda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar bugungi kunda Germaniya tomonidan ham qo'llab-quvvatlanmoqda. Hozirda yoshlar bilan ishlash, ta'lim, malakali mutaxassislar va ishchilar almashinuvi sohalarida juda yaxshi hamkorlik o'rnatdik va samarali natijalarga erishmoqdamiz. So'nggi paytlarda aloqalarimiz yanada tez sur'atlar bilan rivojlanmoqda. Hamkorligimiz tufayli o'rtamizda haqiqiy do'stlik rishtalari, birodarlik aloqalari va teng hamkorlik paydo bo'ldi. Bu meni juda quvontiradi.

Biroq bularning barchasi mustaqillik sharofati tufayli erishilgan imkoniyatlar ekanligini unutmaslik lozim. Mustaqillik bizga nima berdi? Mustaqil davlat sifatida qanday taraqqiy etayapmiz? kabi savollar tug'ilishi tabiiy. Biz ham sobiq GDR federal o'lkasi sifatida 1989-yilda mustaqilligimizni qayta tikladik. Men mustaqil davlat sifatida oyoqqa turish qanchalik murakkabligini yaxshi bilaman. Shuning uchun, bu yo'lda sizlar bilan bir qatorda sobitqadam ekanligimdan juda xursandman.

Men O'zbekiston xalqiga Yevropa Ittifoqining, Germaniyaning hamkori sifatida kelgusida ham birgalikda farovon taraqqiyot tilayman. Mamlakatlarimiz o'rtasidagi o'zaro hamkorlik va almashinuv barcha sohalarda yanada kengayishi istagidaman. "Germaniya–O'zbekiston forumi" tashkil etilganligining pirovard maqsadi ham shudir.

Aloqalarimiz iqtisodiyot, tibbiyot, ta'lim sohasida yanada mustahkamlanishi tarafdoriman. Ayni paytda O'zbekistondan kelgan nemis tili o'qituvchilarining katta bir guruhi Saksoniya-Anhalt federal o'lkasida nemis tilini o'qitish bo'yicha bilim va malakalarini oshirmoqdalar. Ular O'zbekistonga qaytgach, yoshlarga nemis tilini o'rganishda yaqindan yordam beradilar. Shu tariqa mamlakatda ta'lim sohasini yanada rivojlantirishga o'z hissamizni qo'shamiz.

Bugun Mustaqillik kunini nishonlayotgan butun O'zbekiston xalqini chin qalbdan tabriklayman. Garchi sizlardan olis bo'lsamda ushbu ulug' bayramda quvonchingizga sherik bo'lishdan juda mamnunman. Ishonamanki, hamkorligimiz uzoq yillar davom etadi va xalqlarimiz o'rtasidagi munosabatlar yanada yaqinlashib, mustahkam rivoj topadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish