Logo

Farg'onada yetishtirilgan 250 tonna uzum havo transporti orqali Nyu-York shahriga yetkaziladi

Dekabr 15, 2023. 16:53 • 45 soniya

992
Farg'onada yetishtirilgan 250 tonna uzum havo transporti orqali Nyu-York shahriga yetkaziladi

VASHINGTON, 15-dekabr. /"Dunyo" AA/. AQShda o'tkazilgan marketing tahlillariga ko'ra, O'zbekistondan tajriba tariqasida yetkazilgan "Xusayni" navli uzumining ta'mi va ko'rinishi amerikalik xaridorlar o'rtasida katta qiziqishga sabab bo'ldi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Noyabr oyi boshida Nyu-York shahriga Farg'ona viloyatining Oltiariq tumanidan tajriba tariqasida yetkazilgan bir tonna uzumning barchasi mahalliy aholi tomonidan ikki kunda xarid qilindi. Ushbu omillar sabab yurtimizdan yangi uzumning yanada kattaroq partiyasini yetkazish bo'yicha muzokaralar boshlangan edi. Muzokaralar natijasida joriy yilning 14-dekabr kuni AQShning «E.L.A. Superior Produce Inc.» va Farg'ona viloyatidagi "Seraxun" mas'uliyati cheklangan jamiyati o'rtasida umumiy qiymati 2 million dollarga teng qo'shimcha eksport shartnomasi imzolandi.

Hujjatga muvofiq, Farg'ona dehqonlari tomonidan yetishtirilgan 250 tonna uzum havo transporti orqali Nyu-York shahriga yetkaziladi va "NetCost" oziq-ovqat savdo tarmoqlari orqali sotiladi.

O'zbek diplomatlari, shuningdek, O'zbekistondan quritilgan mevalarni AQSh va Kanada davlatlariga eksportini yo'lga qo'shish bo'yicha muzokaralarni davom ettirmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish