Logo

Shimoliy Afg'onistonni kuchli zilzila larzaga soldi — o'nlab odamlar halok bo'lgani xabar qilinmoqda

Noyabr 03, 2025. 10:39 • 2 daq

66
Shimoliy Afg'onistonni kuchli zilzila larzaga soldi — o'nlab odamlar halok bo'lgani xabar qilinmoqda

QOBUL, 3-noyabr. /"Dunyo" AA/. Afg'onistonda 6,3 magnitudali kuchli zilzila sodir bo'ldi, tabiiy ofat oqibatida kamida o'n kishi halok bo'ldi, taxminan 260 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olganligi haqida xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri "Reuters" agentligi ma'lumotiga tayanib.

Qayd etilishicha, zilzila o'chog'i taxminan 523 ming kishi istiqomat qiladigan Mozori-Sharif shahri yaqinida 28 km chuqurlikda joylashgan. E'lon qilingan videoyozuvlarga ko'ra, jabrlanganlarga yordam ko'rsatish bo'yicha qizg'in qutqaruv va tibbiy ishlar davom etmoqda.

Eng ko'p zarar ko'rgan hududlar sifatida Balx va Samangan viloyatlari qayd etilmoqda. Mahalliy sog'liqni saqlash idoralari va qutqaruv xizmati vakillari ma'lum qilishicha, halok bo'lganlar va jarohatlanganlar soni ortishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Samangan viloyatining tog'li hududidagi sog'liqni saqlash idorasi xodimi ma'lum qilishicha, bugun tongga qadar 150 nafar yaralangan va 7 nafar halok bo'lgan shaxs to'g'risida ma'lumotlar kelib tushgan.

Uning so'zlariga ko'ra, qurbonlar soni viloyatdagi shifoxonalardan kelgan rasmiy hisobotlar asosida aniqlangan.

3-noyabr kechasi zilzila O'zbekiston hududida ham sezildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma'lumotlariga ko'ra, Surxondaryo viloyatida tebranish kuchi 5 ball, Toshkent shahrida esa 2–3 ballga yetgan.

«Afg'oniston, ikki yirik faol geologik yoriq oralig'ida joylashgani sababli, yer silkinishlariga ayniqsa sezgir hisoblanadi. Ushbu yoriqlar hududda katta vayronagarchilikka olib kelishi mumkin», — deya xabar bermoqda "Reuters" agentligi.

Eslatib o'tamiz, shu yilning sentyabr oyining boshlarida mamlakatda 6 ballli zilzila sodir bo'lgan edi. Oqibatda 2205 kishi halok bo'lgan, 3640 kishi esa turli darajadagi tan jarohati olgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish