Osaka shahrida bo'lib o'tadigan "Expo 2025 Osaka Kansai" ko'rgazmasida O'zbekiston milliy pavilyonini qurishga start berildi

Mart 27, 2024. 18:12 • 2 daq

189
Osaka shahrida bo'lib o'tadigan "Expo 2025 Osaka Kansai" ko'rgazmasida O'zbekiston milliy pavilyonini qurishga start berildi

TOKIO, 27-mart. /"Dunyo" AA/.  2025-yilda Osaka shahrida bo'lib o'tadigan Butunjahon "Expo 2025 Osaka Kansai" ko'rgazmasidagi O'zbekiston milliy pavilyoni qurilishiga tamal toshi qo'yish marosimi tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi raisi, delegatsiya rahbari Gayane Umerova, elchi Muhsinxo'ja Abdurahmonov, 2025-yilgi Jahon ko'rgazmasi uchun Yaponiya assotsiatsiyasi bosh kotibi o'rinbosari Ichinoki Manatsu, "Atelier Brückner" (Germaniya) kompaniyasi bosh menejeri Shirin Frangul-Bryukner va "NUSSLI" kompaniyasi filial menejeri Yoichi Sashihara birgalikda O'zbekiston pavilyoni qurilishiga start berdilar.

"Expo 2025 Osaka Kansai" ko'rgazmasi Yaponiyaning Osaka ko'rfazidagi sun'iy Yumeshima orolida bo'lib o'tadi. Unda 170 dan ortiq davlatning texnologik, fan, iqtisodiy va madaniy yutuqlari namoyish etilishi rejalashtirilgan.

"Designing future society for our lives" (Hayotimiz uchun kelajak jamiyatini loyihalash) mavzusida o'tkaziladigan ko'rgazma aholi turmush darajasini yaxshilash, sog'liqni saqlash, ta'lim sohasidagi muammolar va hokazolarni hal qilish jarayonida yuqori texnologiyalardan foydalanishni nazarda tutadi.

Ko'rgazmada O'zbekiston pavilyoni jami 800 kvadrat metrdan ortiq maydonda tashkil etilmoqda. Unda Barqaror rivojlanish maqsadlari - sifatli ta'lim bilan ta'minlash, arzon, ishonchli, barqaror va zamonaviy energiya manbalaridan barcha uchun umumfoydalanish imkoniyatini ta'minlash hamda sanoatlashtirish, innovatsiyalar va infratuzilma kabi ustuvor yo'nalishlarda O'zbekistonda amalga oshirilayotgan o'zgarishlar natijalariga bag'ishlangan "Bilimlar bog'i" pavilyoni namoyish etiladi.

O'zbekistonning "Expo 2025 Osaka Kansai" ko'rgazmasida ishtirok etishi mamlakat uchun milliy yutuqlarni namoyish etish, sayyohlikni rivojlantirish, sarmoyalarni jalb qilish hamda xalqaro hamkorlik va madaniy almashinuvni kengaytirish uchun yangi istiqbollarni ochadi.

Pavilyon qurilishi tez orada qizg'in tusga kiradi. Asosiy binoning qurulishi yil oxirigacha, interyer, jumladan, ichki qismlarni bezatish ishlari keyingi yilning mart oyida, ya'ni ko'rgazma ochilishtdan 1 oy aval yakunlanadi.

Qayd etish kerakki, ushbu tantanali marosim haqidagi lavhalar Yaponiya jamoat markaziy radioeshittirish korporatsiyasi (NHK) teledasturlari orqali efirga uzatildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish