O'zbekiston va Gruziya o'zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va qo'shma loyihalarni amalga oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar ko'rishga kelishib oldi
Oktabr 13, 2025. 22:07 • 53 soniya
• 342
TOSHKENT, 13-oktabr. /"Dunyo" AA/. Bugun Toshkent shahrida O'zbekiston-Gruziya tashqi ishlar vazirliklari o'rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

TIV ma'lumotiga ko'ra, tomonlar delegatsiyalariga O'zbekiston tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Bobur Usmanov va Gruziya tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Aleksandr Xvtisiashvili boshchilik qildi.
Maslahatlashuvlar chog'ida O'zbekiston - Gruziya munosabatlarining keng ko'lamli kun tartibi yuzasidan atroflicha fikr almashildi, oliy va yuqori darajadagi tashriflar yakunida erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi ko'rib chiqildi, yaqin istiqbolga mo'ljallangan hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlari belgilab olindi. Turli darajadagi bo'lajak tadbirlar jadvaliga alohida e'tibor qaratildi.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi.
Tomonlar ikki tomonlama savdo hajmini oshirish, logistika, transport, qishloq xo'jaligi, turizm va ta'lim kabi yo'nalishlarda qo'shma loyihalarni amalga oshirish bo'yicha qo'shimcha choralar ko'rishga kelishib oldilar.
Ikki tomonlama munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirish va xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
"Dunyo" AA olgan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi