Logo

O'mon fuqarolari O'zbekistonda 30 kun muddatda vizasiz qolishlari mumkin

Iyun 02, 2025. 12:25 • 51 soniya

82
O'mon fuqarolari O'zbekistonda 30 kun muddatda vizasiz qolishlari mumkin

MASKAT, 2-iyun. /"Dunyo" AA/. O'monlik mashhur sayyohatchi Nosir al-Ni'maniy  o'zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida 1-iyundan e'tiboran O'mon fuqarolari uchun O'zbekistonda 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilganiga bag'ishlangan videoni joylashtirdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri

"O'zbekiston Prezidenti O'mon fuqarolari uchun ushbu mamlakatga 30 kunlik vizasiz kirish huquqini beruvchi farmonni imzoladi. Ushbu farmon talablari shu yilning 1 iyunidan amalga kiritildi va u O'zbekistonni ziyorat qilmoqchi bo'lgan o'monliklar uchun yangi imkoniyatlarni ochadi", – deyiladi manbada.

O'monlik sayohatchi O'zbekiston Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan mamlakat ekanini, yurtimiz o'zining boy sayyohlik salohiyati, madaniy merosi, noyob tabiati va geografik xilma-xilligi bilan mashhurligini alohida urg'ulagan. Qayd etilganidek, Samarqand, Toshkent, Buxoro, Xiva kabi shaharlar ko'p asrlik tarixga ega bo'lib, islom sivilizatsiyasining durdonalari hisoblanadi.

"Bundan tashqari, O'zbekiston va O'mon tadbirkorlari o'rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Xususan, O'zbekistondan go'sht, don, mevalar, sabzavotlar va turli mahsulotlarni O'monga eksport qilish imkoniyatlari kengayyapti. 1-iyundan boshlab ushbu yangilik rasman kuchga kirdi. Yaqin kelajakda Maskat va Toshkent o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnov ham yo'lga qo'yiladi", – deya qayd etadi Nosir al-Ni'maniy.  

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish