Logo

Qirg'iziston OAV: O'zbekiston-Xitoy hamkorligi yana-da jadal rivojlanish trayektoriyasiga kirdi

Iyun 17, 2025. 17:02 • 3 daq

58
Qirg'iziston OAV: O'zbekiston-Xitoy hamkorligi yana-da jadal rivojlanish trayektoriyasiga kirdi

BISHKEK, 17-iyun. /"Dunyo" AA/. Qirg'izistonning "Alliance-press.kg" axborot-tahlil agentligi portalida "O'zbekiston-Xitoy munosabatlarini faollashtirish – davr talabi" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"O'zbekiston va Xitoy 30 yildan ortiq vaqt davomida teng huquqlilik, do'stlik, yaxshi qo'shnichilik, bir-birini qo'llab-quvvatlash, o'zaro manfaatdorlik, hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan siyosiy o'zaro ishonchni muttasil mustahkamlab, ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirmoqda", – deyiladi maqolada.

2016 yilda Shavkat Mirziyoyevning O'zbekiston Prezidenti etib saylanishi bilan O'zbekiston- Xitoy hamkorligi yana-da jadal rivojlanish trayektoriyasiga kirdi. Bunga oliy darajadagi muntazam siyosiy muloqot ham, ikki davlat rahbarlari o'rtasida o'rnatilgan do'stona va ishonchli munosabatlar ham yordam bermoqda.

"2017-yildan buyon davlat rahbarlarining 10 ga yaqin uchrashuvlari o'tkazildi. Xitoy raisi Si Szinpin 2022-yilda O'zbekistonga davlat tashrifi bilan kelgan. O'z navbatida, O'zbekiston Prezidenti 2017, 2019, 2022, 2023, 2024-yillarda Xitoyga tashrif buyurgan. O'zaro davlat tashriflari yakunlari bo'yicha birgina so'nggi uch yil davomida 70 ga yaqin hujjat imzolandi, umumiy qiymati 40 milliard dollardan ortiq bo'lgan savdo shartnomalari va investitsiya kelishuvlarini amalga oshirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi", – deb ta'kidlangan nashrda.

Qayd etilishicha, hukumatlararo, parlamentlararo va idoralararo darajalarda olib borilayotgan faol muloqot ham ko'p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirishda muhim rol o'ynaydi.

Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va sa'y-harakatlari tufayli 2022-yil sentyabr oyida ikki tomonlama munosabatlar har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko'tarildi, bu ularning qarashlari va geosiyosiy ustuvor yo'nalishlari o'xshashligini, hamkorlikni yana-da yuqori bosqichga olib chiqish va uni yangi mazmun bilan to'ldirishga o'zaro intilishlarini ifodalaydi. 2022 yilda hamkorlik bo'yicha O'zbekiston-Xitoy hukumatlararo qo'mitasi doirasida qashshoqlikni qisqartirish bo'yicha kichik qo'mita tashkil etish bo'yicha kelishuvga erishildi, deya qayd etilgan.

Qirg'iziston OAV 2023-yil noyabr oyida Pekinda ikki davlat tashqi ishlar vazirlari o'rtasida birinchi strategik muloqot boshlangani va u oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish mexanizmini yaratganini urg'ulagan.

"Davlat rahbarlari darajasidagi "Markaziy Osiyo – Xitoy" formati Xitoyning Markaziy Osiyo davlatlari bilan o'zaro hamkorligining yangi platformasiga aylandi, – deb yozilgan manbada. – 2023 yil may oyida bo'lib o'tgan Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy yetakchilarining birinchi sammiti yakunlari bo'yicha yangi formatdagi hamkorlikni chuqurlashtirishning institutsional asoslarini belgilab beruvchi Sian deklaratsiyasi imzolandi".

Ta'kidlanishicha, 2024-yil yanvar oyida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi chog'ida Xitoy-O'zbekiston munosabatlarini yangi davrda keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko'tarish, shuningdek, mamlakatlar o'rtasida mushtarak taqdirlar hamjamiyatini shakllantirishga yana-da yuqori boshlang'ich nuqtadan ko'maklashish bo'yicha kelishuvga erishilgan.

"Alliance-press.kg" ATA yozganidek, Xitoy O'zbekistonning eng yirik savdo va sarmoyaviy hamkoridir. 2025-yilda O'zbekistonga kiritilgan to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar hajmining 33 foizi Xitoy hissasiga to'g'ri keladi. O'zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokidagi 3500 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.

An'anaviy yo'nalishlardan tashqari, tomonlar raqamli iqtisodiyot va ilmiy-texnikaviy innovatsiyalar sohasida hamkorlikni faol rivojlantirmoqda, shuningdek, madaniyat, ta'lim, turizm va hududlar o'rtasidagi hamkorlik sohalarida o'zaro hamkorlikni kuchaytirmoqda.

"2025-yil 1-iyundan O'zbekiston va Xitoy o'rtasida vizani o'zaro bekor qilish to'g'risidagi bitim kuchga kirdi va bu davlatlararo hamkorlikka, ikki do'st mamlakat xalqlari o'rtasidagi munosabatlarni soddalashtirishga xizmat qilishi shubhasiz", – deya urg'ulangan maqolada.

Shuningdek, nashrda O'zbekiston va Xitoy ikki xalq madaniyatini har tomonlama yaqinlashtirish, o'zaro tushunishni chuqurlashtirish va o'zaro boyitishga xizmat qilayotgan madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlangan.

"O'zbekiston – Xitoy" va "Xitoy – MO" do'stlik jamiyati, Toshkentdagi Xitoy milliy madaniyat markazi ikki xalq o'rtasidagi o'zaro hamjihatlikni mustahkamlashga munosib hissa qo'shmoqda. Umuman olganda, bugungi kunda kuzatilayotgan O'zbekiston-Xitoy munosabatlarining butun spektrini rivojlantirishning yuqori dinamikasi bu tendensiya yangi sur'at kasb etishini ta'minlashga yaqqol asos bo'lmoqda", – deb yozadi muallif.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish