Logo

Qozog'iston OAV: O'zbekiston va Vengriya o'rtasida kengaytirilgan strategik sheriklik munosabatlari o'rnatildi

May 23, 2025. 19:13 • 2 daq

42
Qozog'iston OAV: O'zbekiston va Vengriya o'rtasida kengaytirilgan strategik sheriklik munosabatlari o'rnatildi

OSTONA, 23-may. "Dunyo" AA/. Qozog'istonning "Kursiv" elektron nashrida O'zbekiston-Vengriya munosabatlariga bag'ishlangan maqolalar e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri

Jumladan mazkur nashrda e'lon qilingan "O'zbekiston va Vengriya kengaytirilgan strategik sheriklikka o'tdi" sarlavhali maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vaziri Viktor Orban Budapesht shahrida Kengaytirilgan strategik sheriklik munosabatlarini o'rnatish to'g'risidagi qo'shma deklaratsiyani imzolaganlari ma'lum qilingan. Shuningdek, Toshkent va Budapesht o'rtasida Ekstraditsiya shartnomasi, tinch atom sohasida hamkorlik to'g'risidagi idoralararo kelishuvlarga erishildi.

"O'zbekiston yetakchisining Vengriyaga tashrifi chog'ida birinchi bosqichda tomonlar tovar ayirboshlash hajmini yarim milliard yevroga yetkazish niyatida ekani qayd etildi. Qo'shma investitsiyalar hajmi bugungi kunda 500 million dollarga yetdi", – deb yozilgan materialda.

Ta'kidlanganidek, tomonlar kelgusi yilni O'zbekiston va Vengriya madaniyati yili deb e'lon qilish taklifi bildirdilar. Shuningdek, joriy yilda Toshkent shahrida O'zbekiston va Vengriya rektorlarining uchinchi forumini o'tkazish taklif qilindi.

"Kursiv" elektron nashri, shuningdek, O'zbekiston va Vengriya atom energetikasini rivojlantirish bo'yicha kuchlarni birlashtirishi haqida yozdi.

 Ma'lum qilinishicha, "O'zatom" va Vengriya davlat energetika kompaniyasi "MVM EGI Zrt" o'rtasida atom energetikasi sohasida hamkorlik to'g'risida bitim imzolangan.

"Tomonlar mutaxassislar tayyorlash dasturini ishga tushirish niyatida. Shuningdek, atom elektr stansiyalari uchun quruq sovutish tizimlari yetkazib berilishi kutilmoqda. O'zbekiston avvalroq Vengriya tomonidan ishlab chiqilgan ushbu texnologiyadan foydalanishga tayyorligini ma'lum qilgan edi", – deyilgan nashrda.

Shuningdek, materialda O'zbekiston va Vengriya o'rtasida hamkorlikni rivojlantirish va O'zbekistonda atom elektr stansiyalarini qurish bo'yicha loyihalarni amalga oshirish bo'yicha memorandum imzolangani xabar qilingan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish