Logo

"Al Harir" nashri: Belgiya bilan hamkorlik O'zbekistonda ekologik tashabbuslarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi

Oktabr 23, 2025. 16:18 • 3 daq

37
"Al Harir" nashri: Belgiya bilan hamkorlik O'zbekistonda ekologik tashabbuslarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi

AR-RIYOZ, 23-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Caudiya Arabistonining ommabop "Al Harir" nashrida "O'zbekiston va Belgiya: "yashil" hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"O'zbekiston xalqaro ekologik hamkorlikni faol rivojlantirishda davom etmoqda. Bu borada mamlakat tajriba almashish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va atrof-muhitni muhofaza qilishning barqaror yechimlarini izlashga alohida e'tibor qaratmoqda. Shu nuqtai nazardan, Belgiya oqilona tabiiy resurslardan foydalanish va "yashil" innovatsiyalar sohasida katta tajribaga ega istiqbolli hamkor sifatida ko'rilmoqda", – deb yozgan muallif maqolasi avvalida.

Nashrda hamkorlik sari tashlangan dastlabki qadam – O'zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi delegatsiyasining 2024-yil oktyabr oyida Belgiyaning Bryugge shahrida o'tkazilgan Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining (IUCN) mintaqaviy forumida ishtirok etgani bo'lgani ta'kidlangan. Mazkur forum ikki davlat mutaxassislari o'rtasida fikr almashish va hamkorlik yo'nalishlarini muhokama qilish uchun muhim maydon bo'ldi.

"Belgiya Yevropada chiqindilarni boshqarish, resurslarni qayta ishlash va sirkulyar iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish borasida yetakchi davlatlardan biri sifatida tan olingan. Ushbu tajriba O'zbekiston uchun ham dolzarb bo'lib, mamlakatda chiqindilarni qayta ishlash va "yashil" energetika sohalarida zamonaviy yondashuvlar faol joriy etilmoqda", – urg'ulangan materialda.

Shuningdek, suv resurslariga oid masalalarga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Har ikki davlat suv tanqisligi muammosiga duch kelmoqda. Shu bois Belgiyaning Shelda va Maas kabi transchegaraviy daryolarni boshqarish tajribasi O'zbekiston uchun suv resurslaridan foydalanish va suv sifatini monitoring qilish tizimlarini takomillashtirishda foydali namuna bo'lishi mumkin.

Hamkorlikning alohida yo'nalishlaridan biri — ilm-fan va ta'limdir. Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o'zgarishini o'rganish universiteti ("Green University") Belgiya yetakchi oliy o'quv yurtlari — "Catholic University of Leuven", "Ghent University", "University of Liège" va "University of Antwerp" bilan hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yishni rejalashtirmoqda. Mazkur oliy o'quv yurtlari ekologik yo'nalishlar va tadqiqotlar bo'yicha jahonning yetakchi universitetlari qatoriga kiradi. Bu esa talabalar, olimlar almashinuvi va qo'shma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Bundan tashqari, belgiyalik hamkorlar 2025-yil 24-noyabrdan 5-dekabrgacha Samarqandda bo'lib o'tadigan "Yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo to'g'risidagi konvensiya" konferensiyasining 20-yig'ilishi (CITES COP20) hamda 2026-yil iyun oyi boshida o'tkazilishi rejalashtirilgan "Eco Expo Central Asia 2026" xalqaro ko'rgazmasiga taklif etildi.

"Al Harir" nashrida joylashtirilgan maqola "Belgiya bilan hamkorlik O'zbekistonda ekologik tashabbuslarni yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion yondashuvlarni joriy etish va iqlim, bioxilma-xillik hamda "yashil" iqtisodiyot sohalarida qo'shma loyihalarni amalga oshirishga yordam beradi. Bularning barchasi – barqaror va ekologik jihatdan xavfsiz kelajak sari muhim qadamdir", – degan so'zlar bilan yakunlangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish