Logo

"Fakt" nashri: O'zbekistonda afsonaviy Buyuk ipak yo'li ruhini chinakamiga his qilish mumkin

Oktabr 20, 2025. 09:19 • 2 daq

34
"Fakt" nashri: O'zbekistonda afsonaviy Buyuk ipak yo'li ruhini chinakamiga his qilish mumkin

VARSHAVA, 19-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Polshaning ommabop "Fakt" elektron nashrida O'zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqola muallifi Yoanna Rotaychakning yozishicha, O'zbekiston o'zining arzon narxlari, mazali taomlari, betakror madaniyati, iliq iqlimi, hayratlanarli diqqatga sazovor joylari bilan sayyohlar orasida tobora ommalashib bormoqda.

"Ilgari kamdan-kam tanlanadigan yo'nalish so'nggi yillarda sayyohlar orasida mashhur manzilga aylanib bormoqda, – deb yozgan u. –O'zbekiston xorijiy sayyohlar uchun haqiqiy topilma. Bu yerda bir litr yoqilg'i 3,65 zlotiy, bir shisha Pepsi 2,50 zlotiy, bir six kabob esa bor-yo'g'i 6 zlotiy turadi. Xizmat ko'rsatish sohalari narxi xamyonbop. Masalan, sartaroshxonada sochni turmaklash 30 zlotiy bo'lsa, uni bo'yash salkam 7,50 zlotiyga teng. Siz bozordan 50 zlotiydan kamroq pulga kashmir svetirini sotib olishingiz mumkin. Shundan kelib qilib chiqib aytish mumkinki, O'zbekistonda ko'proq polyaklar dam olishni afzal ko'rayotgani ajablanarli emas", – deyiladi maqolada.

Muallif ta'kidiga ko'ra, O'zbekistonga sayohat qilish uchun eng qulay vaqt bahor va kuz fasllari hisoblanadi. Ushbu fasllarda ob-havo sayr qilish va ekskursiyalar uchun eng qulay. Bahorda mamlakat yashillikka burkanadi, bozorlarda yangi sabzavot va mevalar chiqadi, bog'lardagi daraxtlar gullaydi. Kuz fasli O'zbekistonda o'rim-yig'im mavsumi hisoblanadi.

Sayohatchi jurnalist O'zbekiston tarixi va boy madaniy merosi haqidagi aniq ma'lumotlarni o'quvchilar e'tiboriga taqdim qilgan. "Ulug'vor Registon maydoni bilan mashhur Samarqand, islom olamida muhim o'rin egallagan Buxoro, qadimiy devorlar bilan o'ralgan shahar –Xiva hech bir sayyohni befarq qoldirmaydi. Aynan O'zbekistonda afsonaviy Buyuk ipak yo'li ruhini chinakamiga his qilishingiz mumkin", – deb yozilgan maqola oxirida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish