"Finančné Noviny" nashri: 2017-2024-yillarda Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan tovar ayirboshlash hajmi 2,4 barobar oshdi
Oktabr 26, 2025. 12:06 • 2 daq
• 30
LYUBLYANA, 26-oktabr. /"Dunyo" AA/.Slovakiyaning "Finančné Noviny" (Moliyaviy gazeta) nashrida Oʻzbekiston Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimovning "Oʻzbekiston va Belgiya: Yevropa Ittifoqi bilan strategik hamkorlikning yangi bosqichi sari" sarlavhali maqolasi e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muallif yozganidek, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston hozirgi geosiyosiy keskinliklar va global iqtisodiy noaniqlik sharoitida barqarorlikning asosiy tayanchi boʻlmish Yevropa bilan hamkorlikning yangi tizimini faol ravishda shakllantirmoqda. Oʻzbekiston bilan Yevropa davlatlari oʻrtasidagi aloqalar izchil rivojlanib, hamkorlik yoʻnalishlari kengaymoqda, bu Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Nashrda Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlari jadal rivojlanayotgani ta'kidlangan. Ma'lum qilinishicha, 1992-yilda Oʻzbekiston hukumati va Yevropa Komissiyasi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi, 1994-yilda diplomatik munosabatlar oʻrnatildi. Hamkorlik poydevori 1996-yil iyun oyida imzolangan va 1999-yilda kuchga kirgan Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim bilan qoʻyilgan.
"Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Prezidenti etib saylanishi bilan vaziyat tubdan oʻzgardi. Yevrokomissiyaning xalqaro hamkorlik va rivojlanish boʻyicha bosh direktori Stefano Manservisi 2017-yildayoq Toshkentga tashrifi chogʻida «YEI Oʻzbekistonni strategik hamkor deb bilishini" ta'kidlagan edi», – deyilgan nashrda.
Qayd etilganidek, islohotlar rivoji bilan Yevropa bilan munosabatlarning huquqiy va institutsional asoslari jadal kengaydi. Ilgari Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi PCA doirasida bir-biriga eng qulay davlat rejimini taqdim etgan boʻlsa, 2021-yil aprel oyida Yevropa Ittifoqi Oʻzbekistonga GSP+ benefitsiar maqomini berdi va 2022-yilda Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim (EPCA) paraflandi.
Oʻzbekiston va Yevropa biznes vakillari oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlik imkoniyatlari kengaydi. 2017-2024-yillarda Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan tovar ayirboshlash hajmi 2,4 barobar oshib, 6,4 milliard dollarni, eksport 3,6 barobar oʻsib, 1,7 milliard dollarni, import esa 2,2 barobar oʻsib, 4,7 milliard dollarni tashkil etdi. 2024-yilda Oʻzbekiston umumiy savdo aylanmasida YEI ulushi 9,7 foiz, eksportda 6,3 foiz, importda 12 foizga yetdi.
"Finančné Noviny"da e'lon qilingan maqola yakunida yozilganidek, "Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi va Belgiya bilan iqtisodiy hamkorligini yanada chuqurlashtirish obyektiv oʻzaro manfaatli jarayon hisobladi".
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Oʻzbekiston delegatsiyasi ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi
"Europa Press": Ispaniya va O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida memorandum imzoladi
O'zbek milliy qadriyatlari "Charity Bazaar" xayriya festivalida e'tirof etildi