Logo

"London post": Omonxona – Surxondaryoning iftixori, O'zbekiston turizmining durdonasi, hali dunyo ahli to'liq kashf etmagan bebaho boylik

Aprel 24, 2025. 09:12 • 2 daq

130
"London post": Omonxona – Surxondaryoning iftixori, O'zbekiston turizmining durdonasi, hali dunyo ahli to'liq kashf etmagan bebaho boylik

LONDON, 24-aprel. /"Dunyo" AA/. Buyuk Britaniyaning "London post" yangiliklar portalida Surxondaryo viloyatidagi Sangardak sharsharasi va Omonxona qishlog'iga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Surxondaryo viloyatining so'lim tog'larida, go'zal tabiat qo'ynida ajib maskan – Omonxona qishlog'i joylashgan. Bu shunchaki qishloq emas, balki tabiat, tarix va inson qalbining noyob uyg'unligi. Omonxona – maftunkor go'zallik, shifobaxsh buloqlar, qadimiy an'analar va samimiy mehmondo'stlik timsoli hamdir", – deb yozilgan nashr avvalida.

Qayd etilishicha, sayohatchilar Ommonxonaga qadam qo'yishi bilanoq o'zini boshqa olamga kirib qolgandek his qiladi. Qishloqdan oqib o'tgan zilol va tiniq, muzdek shifobaxsh suv inson tanasini poklaydi, tog' yonbag'irlaridagi sokin manzara esa qalbga taskin beradi.

"Bu hududning eng noyob boyligi shaffof va mineral elementlarga boy buloq suvidir. Har yili minglab mahalliy va xorijiy sayyohlar ushbu go'zal maskanda o'z sog'lig'ini tiklash uchun keladi. Masalan, 2024-yilda Omonxonaga 100 mingdan ortiq sayyoh kelgan bo'lib, bu raqam yildan-yilga ortib bormoqda", – deya qayd etgan elektron nashr.

Bugungi kunda ana shu shifobaxsh suv manbai atrofida zamonaviy sanatoriylar, sog'lomlashtirish maskanlari barpo etilmoqda. Bu loyihalar Omonxonani nafaqat dam olish, balki salomatlikni tiklash va ma'naviy poklanish uchun ideal maskanga aylantiryapti. Bugun Omonxona Surxondaryoning iftixori, O'zbekiston turizmining durdonasi, hali dunyo ahli to'liq kashf etmagan bebaho boylikdir.

Shuningdek, maqolada Sangardak sharsharasi haqidagi muhim yangiliklar o'quvchilar e'tiboriga taqdim qilingan.

 Xususan, nashrda O'zbekistonning Surxondaryo viloyatida joylashgan Sangardak sharsharasi hamon turistik yo'nalishlar soyasida qolayotgan tabiat moʻjizasi ekanligi ta'kidlangan. Bu sharshara tabiat bilan yolg'iz qolishni xush ko'radiganlar uchun unutilmas daqiqalarni taqdim etadi.

"Boshqa ko'plab tabiat go'zalliklardan farqli o'laroq, Sangardak sharsharasini nafaqat ko'rish, balki tog'dan yomg'ir yoqqandek suv tomchilaridan taralayotgan mungli ohangni eshitish, zilol suvidan tatib ko'rish, musaffo havosidan miriqib nafas olish mumkin", – deb yozgan muallif.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish