Logo

"News Central Asia" AA: Yevropa davlatlari O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo'llab-quvvatlanmoqda

Oktabr 17, 2025. 10:29 • 3 daq

90
"News Central Asia" AA: Yevropa davlatlari O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo'llab-quvvatlanmoqda

ASHXOBOD, 17-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Turkmanistonning "News Central Asia" axborot agentligi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimovning O'zbekistonning Yevropa Ittifoqi va Belgiya bilan hamkorligiga bag'ishlangan maqolasini e'lon qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"So'nggi yillarda O'zbekiston hozirgi geosiyosiy keskinliklar va global iqtisodiy noaniqlik sharoitida barqarorlikning asosiy tayanchi bo'lmish Yevropa bilan hamkorlikning yangi tizimini faol ravishda shakllantirmoqda, – deb yozgan muallif. – O'zbekiston bilan Yevropa davlatlari o'rtasidagi aloqalar izchil rivojlanib, hamkorlik yo'nalishlari kengaymoqda, bu O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan qo'llab-quvvatlanmoqda".

 Ta'kidlanganidek, O'zbekiston mustaqillikka erishgach, Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlari jadal rivojlandi. 1992-yilda O'zbekiston hukumati va Yevropa Komissiyasi o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumi imzolandi, 1994-yilda diplomatik munosabatlar o'rnatildi. Hamkorlik poydevori 1996-yil iyun oyida imzolangan va 1999-yilda kuchga kirgan Sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitim bilan qo'yilgan.

"Shavkat Mirziyoyevning O'zbekiston Prezidenti etib saylanishi bilan vaziyat tubdan o'zgardi. Yevrokomissiyaning xalqaro hamkorlik va rivojlanish bo'yicha bosh direktori Stefano Manservisi 2017-yildayoq Toshkentga tashrifi chog'ida "YI O'zbekistonni strategik hamkor deb bilishini" ta'kidlagan edi", – deyilgan nashrda.

O'zbekistonda boshlangan keng ko'lamli demokratik va iqtisodiy islohotlar uzoq vaqtdan beri hal etilmagan ko'plab masalalarni qisqa muddatda hal etish imkonini berdi. Majburiy mehnatga butunlay barham berildi, paxtachilik sohasidagi islohotlar mamlakatga paxta xomashyosini eksport qilishdan butunlay voz kechish imkonini berdi.

Qayd etilganidek, islohotlar rivoji bilan Yevropa bilan munosabatlarning huquqiy va institutsional asoslari jadal kengaydi. Ilgari O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi PCA doirasida bir-biriga eng qulay davlat rejimini taqdim etgan bo'lsa, 2021-yil aprel oyida Yevropa Ittifoqi O'zbekistonga GSP+  benefitsiar maqomini berdi va 2022-yilda Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitim (EPCA) paraflandi.

O'zbekistonning ichki o'zgarishlari bilan birga tashqi siyosat arxitekturasi ham o'zgardi. Markaziy Osiyoning qo'shni davlatlari bilan yaqin hamkorlikka, shuningdek, so'nggi yillarda barqaror mustahkamlanib borayotgan Yevropa davlatlari bilan aloqalarni faol kengaytirishga ustuvor ahamiyat berildi.

Muallif yozganidek, O'zbekistonda amalga oshirilgan chuqur demokratik o'zgarishlar Yevropa davlatlari bilan munosabatlarni sezilarli darajada yaxshiladi. Iqtisodiy islohotlar O'zbekiston iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirdi, investorlar ishonchini rag'batlantirdi va Yevropa biznes vakillarining qiziqishini oshirdi.

"O'zbekiston va Yevropa biznes vakillari o'rtasida o'zaro manfaatli hamkorlik imkoniyatlari kengaydi. 2017-2024-yillarda O'zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan tovar ayirboshlash hajmi 2,4 barobar oshib, 6,4 milliard dollarni tashkil etdi; eksport 3,6 barobar o'sib, 1,7 milliard dollarni, import esa 2,2 barobar o'sib, 4,7 milliard dollarni tashkil etdi. 2024-yilda O'zbekiston umumiy savdo aylanmasida YI ulushi 9,7 foiz, eksportda 6,3 foiz, importda 12 foizga yetdi. Yevropa Ittifoqi O'zbekistonning savdo sheriklari orasida Xitoy va Rossiyadan keyin uchinchi o'rinni egalladi", – deya qayd etilgan manbada.

Maqola yakunida ta'kidlanganidek, "O'zbekistonning Yevropa Ittifoqi va Belgiya bilan iqtisodiy hamkorligini yanada chuqurlashtirish obyektiv o'zaro manfaatli jarayon hisobladi".

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish