Logo

"Nikkei Asia": Yaponiyaning "Sojitz" kompaniyasi O'zbekistonda quriladigan aeroportga 1 milliard dollar investitsiya kiritadi

Oktabr 06, 2025. 18:19 • 2 daq

250
"Nikkei Asia": Yaponiyaning "Sojitz" kompaniyasi O'zbekistonda quriladigan aeroportga 1 milliard dollar investitsiya kiritadi

TOKIO, 6-oktabr. /"Dunyo" AA/. Yaponiyaning mashhur "Nikkei Asia" jurnali va elektron nashrida Yaponiyaning "Sojitz" kompaniyasi O'zbekistonda yangi aeroport qurish loyihasiga sarmoya kiritishiga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda qayd etilishicha, "Sojitz" kompaniyasi bu yil O'zbekiston poytaxtida Toshkent shahrida yangi xalqaro aeroport qurishni boshlaydi. Mazkur loyiha kompaniyaning 1 milliard dollarlik infratuzilma investitsiyalari doirasida amalga oshiriladi.

Toshkentdagi aeroport Saudiya Arabistonining "Vision Invest" kompaniyasi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida quriladi. "Sojitz" loyihaga bir necha o'n milliard yen, ya'ni yuzlab million dollar investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda. Shu kunga qadar kompaniya Yaponiyaning Kumamoto va Okinava prefekturalarida hamda Palau orollaridagi xalqaro aeroportlar loyihalarida ishtirok etgan.

"O'zbekiston yangi aeroport loyihasini 2025-yil avgust oyida tasdiqladi. Loyihaga ko'ra, 2028-yilda ochilishi rejalashtirilgan bu aeroport yiliga 20 million yo'lovchini qabul qilishi va soatiga 40dan ortiq uchish-qo'nish harakatlarini amalga oshirishi mumkin. Bu uni Markaziy Osiyoning eng yirik aeroportiga aylantiradi", – deb yozilgan maqolada.

"Sojitz" shuningdek, O'zbekistonda boshqa infratuzilma loyihalarida ham ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Ular Samarqandda "Ronesans International" turk kompaniyasi bilan hamkorlikda 800 o'rinli yirik kasalxona, 1 gigavatt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi va 1,6 GVt quvvatga ega issiqlik elektrostansiyasini qurishni rejalashtirmoqda.

 Nashrda ma'lum qilinganidek, O'zbekiston 37 million aholisi bilan mintaqada eng katta davlat sanaladi va ichki umumiy mahsulotning yillik o'sishi 6 foizdan yuqori. Chet el investitsiyalari uchun soliq imtiyozlari va boshqa rag'batlar mavjud, korporativ soliq stavkasi esa 15 foiz.

"2024 yil oktyabr holatiga ko'ra, O'zbekistonda 54 ta yaponiyalik kompaniya faoliyat yuritadi, bu 2019 yil ko'rsatkichidan ikki barobar ko'p. "Sojitz" kompaniyasi iyun oyida Toshkentda ilk bor rasmiy ofisini ochdi", – deyilgan nashrda.

Nashrda ma'lum qilinishicha, Yaponiya boshqa kompaniyalari ham O'zbekistonda infratuzilma sohasida faoliyat yuritmoqda. "Masalan, "Toyota Tsusho" o'z bo'linmasi "Eurus Energy Holdings" orqali 500 megavattlik shamol elektr stansiyasi loyihasi uchun maydonni o'rganmoqda va "NEC" bilan hamkorlikda data markazlari qurish bo'yicha shartnoma imzoladi. "Marubeni" BAA kompaniyasi bilan hamkorlikda chiqindi suvlarni tozalash zavodini qurmoqda", – deyilgan manbada.

"Nikkei Asia" nashrida e'lon qilingan maqolada "O'zbekiston Yaponiya Iqtisodiyot, cavdo va canoat vazirligi bilan mineral resurslar, ayniqsa strategik ahamiyatga ega bo'lgan minerallarni qazib olish hamkorligini kengaytirish bo'yicha muzokara olib bormoqda", – deya O'zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov fikrlaridan iqtibos keltirilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish