Logo

"Q8 Press": Orolbo'yi muammosining BMT minbarida ko'tarilishi global hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qildi

Oktabr 14, 2025. 09:49 • 2 daq

30
"Q8 Press": Orolbo'yi muammosining BMT minbarida ko'tarilishi global hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qildi

AL-KUVAYT, 14-oktyabr. /"Dunyo"/ AA. Kuvaytning "Q8 Press" elektron portalida "Orol dengizi mintaqasini Iqlim texnologiyalari global markaziga aylantirish" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 Unda O'zbekiston Prezidentining joriy yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasida ishtiroki nafaqat mamlakat, balki butun mintaqa uchun yuksak siyosiy va tarixiy ahamiyatga ega ekanligi takidlangan. Dunyo davlatlari rahbarlari ishtirok etgan ushbu nufuzli minbarda O'zbekiston tomonidan barqaror rivojlanish, iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish, oziq-ovqat xavfsizligi va suv resurslaridan samarali foydalanish kabi dolzarb masalalar qayd etildi.

"Orol dengizi hududida "yashil" energiya, suv tejamkor texnologiyalar, biologik xilma-xillikni tiklash va iqlim o'zgarishiga moslashuv sohasidagi ilg'or tajribalarni tatbiq etish orqali Orolbo'yini "global laboratoriya"ga aylantirish maqsad qilingani ma'lum qilindi", – deyilgan manbada.

Nashrda yozilganidek, o'tgan davr mobaynida ilmiy tadqiqotlar olib borish va loyihalarni amalga oshirish jarayonida qator xalqaro va mahalliy tashkilotlar, shuningdek ilmiy-tadqiqot institutlari bilan samarali hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yildi. Jumladan, 70 dan ortiq xorijiy va mahalliy tashkilotlar bilan hamkorlik to'g'risida kelishuv va memorandumlar imzolanib, umumiy qiymati 23,9 milliard so'mlik 20 ta ilmiy-amaliy va innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar muqobil yashil energiya, akvakultura, intensiv bog'dorchilik, dorivor o'simliklar yetishtirish, resurs tejamkor texnologiyalar va ijtimoiy dasturlarni o'z ichiga qamrab olgan.

 "Orolbo'yini global iqlim texnologiyalari maydoniga aylantirish tashabbusi nafaqat mintaqaviy, balki jahon miqyosida ham strategik ahamiyat kasb etadi. Uning asosiy mohiyati – ekologik barqarorlikni ta'minlash, suv resurslarini tejash, cho'llanish jarayonlarini kamaytirish va biologik xilma-xillikni tiklashdir", – deya urg'ulangan maqolada.

"Q8 Press" maqolasida yozilganidek, Orolbo'yi masalasining BMT kabi nufuzli minbarda ko'tarilishi global hamkorlikni kuchaytirish, xalqaro donorlar va tashkilotlarning e'tiborini yana-da jalb qilish uchun muhim siyosiy va amaliy poydevor bo'lib xizmat qildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish