"Tatar-inform" AA: O'zbekiston xorijiy investorlar uchun qulay makonga aylandi
Iyun 12, 2025. 17:33 • 3 daq
• 32
QOZON, 12-iyun. /"Dunyo" AA/. Tataristonning "Tatar-inform" axborot agentligi "O'zbekistonning "Oltin viza" dasturi xorijiy investorlarni rag'batlashtirish yo'lidagi navbatdagi qadam" sarlavhali maqolani e'lon qildi, deb xabar qilmoqda Dunyo AA muiri.
"O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 18-aprel kuni qabul qilingan "Ishlab chiqarish, eksport va tadbirkorlik faoliyatini rag'batlantirish, savdo va sanoat siyosati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmonida "Oltin viza" berish haqida so'z borgan, – deyilgan maqolada. – Bu masala farmonning 26-bandida o'z ifodasini topgan".
Hujjatga muvofiq, investitsiyalarni rag'batlantirish maqsadida joriy yil 1-iyundan boshlab xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga 250 ming AQSh dollari hamda ularning har bir oila a'zosiga (turmush o'rtog'i, farzandi va ota-onasi) 150 ming AQSh dollari miqdoridagi to'lovlar evaziga O'zbekistonda yashash guvohnomasi 5 yil muddatga soddalashtirilgan tartibda beriladi.
Qayd etilganidek, "Oltin viza" dasturi xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, huquqiy kafolatlar berish, mamlakat sarmoyaviy muhitini mustahkamlashga qaratilgan. Shuningdek, bu mamlakat ochiqligi, kapitalni himoya qilish, barqaror xalqaro iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga katta hissa qo'shadi.
"Ta'kidlash kerakki, so'nggi sakkiz yilda, xalqaro maydondagi ziddiyatlarga qaramasdan ochiq va pragmatik tashqi siyosat yurgizish O'zbekistonning jahon arenasidagi tashrif qog'oziga aylandi. Mamlakat, ayniqsa, xorijiy investorlar uchun qulay makonga aylandi. O'sib borayotgan iqtisodiy salohiyati bilan ushbu yo'nalishda O'zbekiston Markaziy Osiyoda eng jozibador manzil hisoblanadi, desak xato bo'lmaydi", – deb yozgan muallif.
Albatta, xorijiy investorlarni ishonchini qozonish uchun ularga zarur sharoitlar, imkoniyatlar va imtiyozlarni tadbiq etilishi kerak. Bunday yondashuv nafaqat O'zbekistonda balki butun dunyo tajribasida mavjud.
Ta'kidlanishicha, hozirgi kunda, ayniqsa jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan global muammolar fonida investitsiya uchun butun dunyoda kurash keskinlashmoqda. Investor turgan gapki, o'ziga qulay sharoit yaratilgan va xavfsiz sarmoyaviy muhitga ega mamlakatni tanlaydi. Chunki, u sarflayotgan mablag'ini ishonchli qonuniy himoyasini ko'rishni xohlaydi.
"Yetti-sakkiz yil avval O'zbekistonga investitsiya kiritishga yetakchi kompaniyalar ikkinlangani rost. Bu sarmoyadorlarning manfaatdorlik huquqi yetarlicha ta'minlanmaganidan dalolat beradi. Biroq, 2017-yildan boshlab O'zbekistonda qulay investitsiyaviy muhitni yaratish bo'yicha tub islohatlar amalga oshirildi. Xususiy mulk egalari, shu jumladan investorlar huquqlari kafolatlari yangilandi, ular hatto O'zbekiston Bosh qomusida ham yana-da mustahkamlandi. Shuningdek, o'tgan yillarda xorijiy investitsiyalarni rag'batlantirishga oid davlatimiz rahbarining qator qaror va farmonlari, O'zbekiston Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjatlari qabul qilindi", – deyilgan nashrda.
"Tatar-inform" AAga ko'ra, natija ham uzoq kuttirgani yo'q. Bugun O'zbekistonning qaysi go'shasiga bormang, yangi investitsiyaviy loyihalar va qo'shma korxonalarga duch kelasiz. Ular yurt ravnaqi, aholi farovonligini ta'minlashga, yangi ish o'rinlari yaratishga va ijtimoiy obyektlar qurilishiga xizmat qilayapti.
"Shu asnoda, mamlakatda davlat rahbari tashabbusi bilan ta'sis etilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi xalqaro miqyosda katta qiziqish uyg'otib, an'anaviy tarzda o'tkazib kelinmoqda. Bundan tashqari, O'zbekiston yetakchisi huzurida Xorijiy investorlar kengashi tuzilgan. Kengashning asosiy vazifalari muvaffaqiyatli tajriba va xalqaro amaliyotdan kelib chiqib, mamlakatimizni investitsiyaviy, savdo-texnologik va innovatsiyaviy rivojlantirishning eng muhim yo'nalishlari bo'yicha maslahat berish hamda O'zbekiston hukumati va xorijiy investorlar o'rtasida ochiq muloqotni ta'minlashdan iborat", – qayd etilgan manbada.
2024-yil may oyida bo'lib o'tgan uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi yalpi majlisi bo'lib o'tdi.
Unda kengash a'zolarining qo'llab-quvvatlashi orqali O'zbekiston jadal o'sish sur'atlarini namoyish qilishda davom etishi, xalqimiz turmush darajasini oshirishi va yurtimiz farovon kelajagini ta'minlashiga ishonch bildirildi.
"O'zbekiston Prezidenti Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqida xorijiy sarmoyadorlarni qo'llab-quvvatlab, quyidagi fikrlarni bildirgan edi. "Biz mamlakatimizda investitsiya va biznes muhitini tubdan yaxshilash, bu yo'ldagi to'siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish uchun qat'iy qadamlar tashladik. Aynan shu bois har bir sarmoyador o'zini erkin va ishonchli his qilishi uchun keng ko'lamli islohotlarni amalga oshirayapmiz", – deb yozilgan maqolada.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Oʻzbekiston delegatsiyasi ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi
"Europa Press": Ispaniya va O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida memorandum imzoladi
O'zbek milliy qadriyatlari "Charity Bazaar" xayriya festivalida e'tirof etildi