Logo

"Al-Diplomasi" AA: O'zbekiston-Italiya o'rtasidagi savdo-iqtisodiy sheriklik izchil rivoj topmoqda

Iyun 02, 2025. 17:31 • 3 daq

58
"Al-Diplomasi" AA: O'zbekiston-Italiya o'rtasidagi savdo-iqtisodiy sheriklik izchil rivoj topmoqda

QOHIRA, 2-iyun. /"Dunyo" AA/. Misrning "Al-Diplomasi" axborot agentligi "O'zbekiston-Italiya: barqaror rivojlanishga qaratilgan uzoq muddatli strategik hamkorlik" sarlavhali maqolani arab va ingliz tillarida tarqatdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Italiya Bosh vaziri Jorja Melonining 28-29-may kunlari O'zbekistonga rasmiy tashrifi arafasida e'lon qilingan ushbu maqolada o'zbek-italyan ikki tomonlama munosabatlarining holati va istiqbollari tahlil qilingan.

Xususan, Misr OAV O'zbekiston-Italiya o'rtasidagi savdo-iqtisodiy sheriklik izchil rivoj topayotganini qayd etgan. "O'zaro tovar ayirboshlash hajmi 2017-yildagi 172,2 million dollardan 2024-yilda qariyb 438 million dollarga yetdi, – deyiladi maqolada. – Bunga mamlakatlar o'rtasida amalda bo'lgan eng qulay savdo rejimi, shuningdek, mamlakatimiz 2021 yilda benefitsiariga aylangan Yevropa Ittifoqining "GSP+" imtiyozli tizimi ko'p jihatdan yordam bermoqda".

Ta'kidlanganidek, 1992 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Savdo, iqtisodiyot va sanoat hamkorligi va eksport kreditlari masalalari bo'yicha O'zbekiston-Italiya hukumatlararo ishchi guruhi ham ikki mamlakat o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va sheriklikni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etyapti.

O'zbekiston rahbarining 2023-yil iyun oyida Italiyaga tashrifi munosabati bilan Rimda ikki tomonning 200 dan ortiq tadbirkor va kompaniyalari vakillari ishtirokida O'zbekiston-Italiya biznes-forumi bo'lib o'tdi. Biznes-forum yakunlari bo'yicha jami 9,2 milliard yevroga teng 38 ta investitsiyaviy bitim, 13 ta texnologik hamkorlik to'g'risidagi bitim hamda 13 ta eksport shartnomasi imzolandi.

Shuningdek, nashrda Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu mamlakatga tashrifi chog'ida Italiyadagi yirik kompaniya va sanoat birlashmalari rahbarlari bilan ham uchrashuv o'tkazgani haqidagi ma'lumotlar o'quvchilar e'tiboriga taqdim etilgan.

"2023-yilning 7-8-sentyabr kunlari Italiya qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat suvereniteti va o'rmon xo'jaligi vaziri Franchesko Lollobrijida hamda Italiya tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri o'rinbosari Edmondo Chiriyelli FAO shafeligida Samarqand shahrida bo'lib o'tgan Oziq-ovqat xavfsizligi bo'yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etdi. 2024-yil oktyabr oyida esa Rimda O'zbekiston qishloq xo'jaligi vaziri o'rinbosari Italiya qishloq xo'jaligi vaziri Franchesko Lollobrijida bilan uchrashdi. O'zbekiston tadbirkorlari Italiyada o'tkazib kelinayotgan "Tuttofood", "Macfrut", "Simac Tanning Tech", "TTG Rimini" va "Artigiano in Fiera" kabi xalqaro ko'rgazmalarda muntazam ishtirok etyapti", – ma'lum qilingan materialda.

"Al-Diplomasi" AA O'zbekistonda Italiya investitsiyasi ishtirokidagi 55 ta korxona, jumladan, 24 tasi 100 foiz xorijiy sarmoya asosida faoliyat yuritayotgani haqida ham yozgan. Italiyaning 9 ta kompaniyasi, shuningdek, "Italiya-O'zbekiston" Savdo-sanoat palatasi vakolatxonalari O'zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida akkreditatsiyadan o'tgan.

"Italiya investitsiya va texnologiyalari ishtirokida mamlakatimizda gaz taqsimlash tizimlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, hashamatli temir yo'l kruizlarini yo'lga qo'yish, Jizzax viloyatida za'faron yetishtirish, chorvachilikni rivojlantirish bo'yicha loyihalar amalga oshirilayotir. 2023-yil mart oyidan boshlab Toshkent, Milan va Rim shaharlari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlar yo'lga qo'yilgani ham ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish va mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayapti", – deya urg'ulangan maqolada.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish