Logo

"Vedomosti": Buxoro Markaziy Osiyo va dunyoning madaniy markaziga aylandi

Oktabr 24, 2025. 17:59 • 2 daq

31
"Vedomosti": Buxoro Markaziy Osiyo va dunyoning madaniy markaziga aylandi

MOSKVA, 24-oktabr. /"Dunyo" AA/. Rossiyaning "Vedomosti" gazetasida Buxoroda davom etayotgan xalqaro zamonaviy san'at biyennalesiga  bag'ishlangan maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ushbu maqolada sayohatchi bloger, yozuvchi va "Mening O'zbekistonim" kitobi muallifi Darya Sirotina Buxoro haqiqatan ham zamonaviy san'at markaziga aylanganmi yoki yo'qmi va O'zbekiston zamonaviy san'at loyihalari orqali boy merosini qanday namoyish etayotgani haqida yozgan.

"Buxoro biyennalesi asosiy tamoyili – bu hamkorlik. Ko'rgazmada namoyish etilgan barcha asarlar hamkorlikda yaratilgan: britaniyalik haykaltarosh Entoni Gormli kabi xalqaro ishtirokchilar o'zbek ustalari va yosh rassomlari bilan birgalikda ishlagan. Bunday yondashuv loyiha kuratori Diana Kempbell tomonidan tanlangan", – deb yozgan muallif.

Maqolada Buxoro Ipak yo'lining durdonasi, ilm-fan va san'at beshigi va millionlab odamlar uchun muqaddas qadamja sifatida e'tirof etilgan. Biyennale mavzusining asosini aynan anashu tarixiy o'ziga xoslik – san'at, hunarmandchilik, fan, gastronomiya va ma'naviyat uyg'unligi tashkil etadi.

"Strategik maqsad ulkan. Buxoroni o'zining gullab-yashnagan davridagi xalqaro madaniy markaz maqomiga qaytarish va O'zbekistonni Sharq bilan G'arb uchrashadigan va muloqot qiladigan manzil sifatida taqdim etish", – deyilgan nashrda.

Muallif, shuningdek, Buxoro biyennalesi shaharning yangi qirralarini ochganini ta'kidlaydi. Asosiy joylar qatoriga ko'p yillardan beri birinchi marta jamoatchilik uchun ochilgan me'moriy yodgorliklar kiradi. Ijodiy direktor, livanlik me'mor Vayel Al Avar restavratsiya o'rniga jonlantirishni tanladi: uning jamoasi eski devorlarga yangi hayot bag'ishladi, qadimiy masjidlar va madrasalarni zamonaviy madaniy kontekstga birlashtirdi.

"Umuman olganda, Buxoro biyennalesi bu yil Buxoroni Markaziy Osiyo va dunyoning madaniy markaziga aylantirdi", – deb yozgan Darya Sirotina.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish