Logo

Belgiya OAV: O'zbekistonda amalga oshirilgan chuqur demokratik o'zgarishlar Yevropa davlatlari bilan munosabatlarni sezilarli darajada yaxshiladi

Oktabr 19, 2025. 10:08 • 2 daq

88
Belgiya OAV: O'zbekistonda amalga oshirilgan chuqur demokratik o'zgarishlar Yevropa davlatlari bilan munosabatlarni sezilarli darajada yaxshiladi

BRYUSSEL, 19-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Belgiyaning ommabop "Eureflect.com" elektron nashrida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimovning "O'zbekiston va Belgiya: Yevropa Ittifoqi bilan strategik sheriklikning yangi bosqichi sari" sarlavhali maqolasi e'lon qilindi, deb xabar qilomoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muallif yozganidek, so'nggi yillarda O'zbekiston hozirgi geosiyosiy keskinliklar va global iqtisodiy noaniqlik sharoitida barqarorlikning asosiy tayanchi bo'lmish Yevropa bilan hamkorlikning yangi tizimini faol ravishda shakllantirmoqda. O'zbekiston bilan Yevropa davlatlari o'rtasidagi aloqalar izchil rivojlanib, hamkorlik yo'nalishlari kengaymoqda, bu O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan qo'llab-quvvatlanmoqda.

"O'zbekiston mustaqillikka erishgach, Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlari jadal rivojlandi. 1992-yilda O'zbekiston hukumati va Yevropa Komissiyasi o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumi imzolandi, 1994-yilda diplomatik munosabatlar o'rnatildi. Hamkorlik poydevori 1996-yil iyun oyida imzolangan va 1999-yilda kuchga kirgan Sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitim bilan qo'yilgan. Shavkat Mirziyoyevning O'zbekiston Prezidenti etib saylanishi bilan vaziyat tubdan o'zgardi. Yevrokomissiyaning xalqaro hamkorlik va rivojlanish bo'yicha bosh direktori Stefano Manservisi 2017-yildayoq Toshkentga tashrifi chog'ida "YI O'zbekistonni strategik hamkor deb bilishini" ta'kidlagan edi", – deyilgan nashrda.

Qayd etilganidek, islohotlar rivoji bilan Yevropa bilan munosabatlarning huquqiy va institutsional asoslari jadal kengaydi. Ilgari O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi PCA doirasida bir-biriga eng qulay davlat rejimini taqdim etgan bo'lsa, 2021-yil aprel oyida Yevropa Ittifoqi O'zbekistonga GSP+ benefitsiar maqomini berdi va 2022-yilda Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitim (EPCA) parafilandi.

Muallif ta'kidiga ko'ra, O'zbekistonning ichki o'zgarishlari bilan birga tashqi siyosat arxitekturasi ham o'zgardi. Markaziy Osiyoning qo'shni davlatlari bilan yaqin hamkorlikka, shuningdek, so'nggi yillarda barqaror mustahkamlanib borayotgan Yevropa davlatlari bilan aloqalarni faol kengaytirishga ustuvor ahamiyat berildi.

"O'zbekistonda amalga oshirilgan chuqur demokratik o'zgarishlar Yevropa davlatlari bilan munosabatlarni sezilarli darajada yaxshiladi. Iqtisodiy islohotlar O'zbekiston iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirdi, investorlar ishonchini rag'batlantirdi va Yevropa biznes vakillarining qiziqishini oshirdi", – deyilgan materialda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish