Logo

Oʻzbekiston Prezidentining Belgiyaga amalga oshirgan tashrifi yakunlari Saudiya Arabistoni OAV diqqat markazida

Oktabr 26, 2025. 08:41 • 2 daq

37
Oʻzbekiston Prezidentining Belgiyaga amalga oshirgan tashrifi yakunlari Saudiya Arabistoni OAV diqqat markazida

AR-RIYOZ, 26-oktabr. /"Dunyo" AA/. Saudiya Arabistonining ommabop "Sahm News" elektron nashrida Oʻzbekiston Prezidentining Belgiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlariga bagʻishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda ma'lum qilinganidek, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa Ittifoqi rahbarlarining taklifiga binoan 23-24-oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Bryussel shahrida boʻldi. Belgiya poytaxtining xalqaro aeroportida davlat rahbarini Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Eduards Stiprays va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

"Yangi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimning imzolanishi bilan yakunlangan ushbu tashrif Oʻzbekiston-Yevropa hamkorligidagi muhim bosqichni boshlab berdi", – deyilgan materialda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Bryussel shahrida Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen hamda Belgiyaliklar Qiroli Filipp bilan samarali muzokaralar oʻtkazdi. Shuningdek, Yevropaning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan ham uchrashuv oʻtkazib, ustuvor yoʻnalishlarda yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi.

Saudiya OAV yozganidek, Oʻzbekiston Prezidenti Yevropa kompaniyalarini oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga chaqirdi va ularning ishtiroki yuqori darajadagi oʻzaro ishonchni aks ettirishini ta'kidladi.

"Oʻzbekiston yetakchisining Belgiyaga tashrifi mamlakatning Yevropa Ittifoqi bilan barqaror rivojlanishni qoʻllab-quvvatlaydigan, iqtisodiy va texnologik oʻsish uchun yangi ufqlarni ochadigan uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini oʻrnatishga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi", – deya urgʻulangan maqolada.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish