Logo

Ozarbayjondan munosabat: Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash samarali kelajakni va'da qilmoqda

Oktabr 05, 2025. 10:17 • 2 daq

89
Ozarbayjondan munosabat: Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash samarali kelajakni va'da qilmoqda

BOKU, 5-oktabr. /"Dunyo" AA/. Ozarbayjonlik siyosatshunos va "hafta.az" nashri muxbiri Vusal Tagibayli "Dunyo" AA uchun intervyusida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasidagi nutqi haqidagi fikrlarini bildirdi.

– Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkka tashrifini boshidanoq ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan samarali deb ta'riflash mumkin. Oʻzbekiston uning bir qismi boʻlgan Markaziy Osiyo global geosiyosiy jarayonlarning markazida turgan bir paytda Prezident Shavkat Mirziyoyevning qudratli AQSH bilan munosabatlarni mustahkamlash borasidagi qadamlari Oʻzbekiston davlati va xalqi xavfsizligini mustahkamlashga bevosita xizmat qilmoqda.

Markaziy Osiyoning uzoq muddatli barqarorligini ta'minlash uchun Prezident Shavkat Mirziyoyev amalga oshirayotganidek, koʻp qirrali siyosat yuritish muhim ahamiyatga ega. Oʻzbekiston yetakchisi qoʻshni Xitoy va Rossiya bilan keng iqtisodiy va siyosiy aloqalarni saqlab, turkiy birdamlikni mustahkamlashga hissa qoʻshish barobarida Yevropa va, albatta, olis Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan ham hamkorlikni kengaytirish orqali oʻzbek xalqi kelajagiga sarmoya kiritmoqda.

Umuman, Prezident Shavkat Mirziyoyev faqat bitta bozorga bogʻlanib qolmaslik muhimligini aniq tushunib, tegishli choralar koʻrmoqda. Shu ma'noda Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi strategik sheriklikning mustahkamlanishi samarali kelajakni va'da qilmoqda.

Nyu-Yorkda Amerikaning yetakchi kompaniyalari bilan koʻplab uchrashuvlar boʻlib oʻtdi, natijada fuqaro aviatsiyasi, togʻ-kon sanoati, moliya va innovatsiyalar, kimyo, energetika va boshqa ustuvor sohalarda umumiy qiymati 100 milliard dollardan ortiq boʻlgan kelishuvlar va istiqbolli loyihalar portfeli yaratildi. Ya'ni, ikki davlat oʻrtasidagi savdo Oʻzbekistonning AQSHdan 22 dona "Boeing" yoʻlovchi samolyoti sotib olish niyati bilan cheklanmaydi. Bu, ayniqsa, qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi strategik konlarni oʻrganish va ishlab chiqarishni xavfsiz koʻpaytirish, infratuzilmani yangilash, xavfsizlik sohasida hamkorlik qilish, terrorizmga qarshi kurashish, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish kabi sohalarda – Oʻzbekiston taraqqiyotiga yangi sur'at bagʻishlaydigan barcha omillarga taalluqlidir.

Ta'kidlash joizki, aloqalarni rivojlantirish nafaqat Oʻzbekiston, balki Vashingtonning oʻzi uchun ham zarur. Aks holda, AQSH Prezidenti Donald Tramp tegishli hukumat mulozimlariga Oʻzbekistonga alohida e'tibor qaratish va ikki tomonlama munosabatlardagi barcha jiddiy toʻsiqlarni olib tashlash haqida koʻrsatma bermagan boʻlardi. Quvonarlisi, Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz yurti manfaati yoʻlida ochilgan imkoniyatlarni maksimal darajada oshirishga intilmoqda va ishonamanki, qardosh oʻzbek xalqi bu ijobiy natijalarni yaqin kelajakda toʻliq baholay oladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish