Logo

"Daily News Hungary": 2025-yilning 23-25-iyun kunlari Samarqand shahrida BMTning Davlat xizmati forumi bo'lib o'tadi

Iyun 01, 2025. 11:50 • 2 daq

115
"Daily News Hungary": 2025-yilning 23-25-iyun kunlari Samarqand shahrida BMTning Davlat xizmati forumi bo'lib o'tadi

BUDAPESHT, 30-may. /"Dunyo" AA/. Vengriyaning "Daily News Hungary" onlayn nashrida "BMTning Davlat xizmatlari forumining O'zbekistonda o'tkazilishi mamlakat uchun tarixiy sana" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 Unda 2025-yilning 23-25-iyun kunlari Samarqand shahrida BMTning Davlat xizmati forumi o'tkazilishi ma'lum qilingan. Ushbu nufuzli xalqaro tadbirning asosiy mavzusi — "2030 yilgacha besh yil: Barqaror kelajak uchun davlat xizmatlarini ko'rsatishni jadallashtirish". Forum BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti va O'zbekiston hukumati tomonidan tashkil etilmoqda.

 Nashrda O'zbekistonda 2017-yilda boshlangan tub islohotlar O'zbekiston davlat xizmati tizimida ham ijobiy o'zgarishlarga yo'l ochgani qayd etilgan. "O'zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan davlat fuqarolik hukumati transformatsiya qilindi. "Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak", degan hayotiy tamoyilidan kelib chiqib, O'zbekiston Prezidentining virtual qabulxonasi, Xalq qabulxonalari, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etildi va davlat xizmatchilari faoliyati samaradorligini baholash tizimi joriy etildi", deyiladi materialda.

Vengriya OAV, shuningdek, O'zbekistonda yuqori rahbarlik lavozimlariga zaxira tayyorlash amaliyoti qo'llanila boshlanganiga e'tibor qaratgan. Natijada, davlat va jamiyat o'rtasidagi munosabatlar yana-da demokratlashdi, deb ta'kidlangan.

"O'zbekiston yetakchisi boshchiligida Yangi O'zbekistonni barpo etish maqsadida barcha sohalarda tizimli islohotlar olib borilyapti. Xususan, davlatda kadrlar bilan bog'liq qator tizimli muammolar mavjudligi yuqori minbarlardan baralla aytildi. Davlat xizmatini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish hamda bugungi kun talablariga moslashtirish vazifasi kun tartibining boshidan o'rin egalladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning sa'y-harakatlari bilan O'zbekistonda davlat boshqaruvi falsafasi o'zgardi", – deb yozgan muallif.

"Daily News Hungary" onlayn nashrida joylashtirilgan maqolada mazkur sohadagi yutuqlar va salohiyat 2025-yil iyun oyida Samarqand shahrida o'tkaziladigan BMT Davlat xizmati forumida namoyon bo'lishi kutilayotgani urg'ulangan.

Maqola "Ushbu Forum O'zbekistonda ilk bor tashkil etiladi va bu mamlakat uchun muhim ahamiyatga ega. Forumning O'zbekistonda o'tkazilishi — BMTning O'zbekiston bilan davlat xizmati sohasida shakllanayotgan mustahkam hamkorligining amaldagi namunasidir." – degan so'zlar bilan yakunlangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish