Germaniya OAV: O'zbekiston Markaziy Osiyoda axborot texnologiyalari xabiga aylanmoqda
Oktabr 17, 2025. 19:23 • 2 daq
• 49
BERLIN, 17-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning "Berliner Zeitung" onlayn nashrida O'zbekistonning axborot texnologiyalari sohasidagi yutuqlari haqida maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Sun'iy intellekt kundalik hayotimizni tubdan o'zgartirmoqda, – deb yozilgan maqola boshida. – Masalan, O'zbekistonda minglab ma'muriy hujjatlar endilikda algoritm tomonidan bajariladi. Yirik modernizatsiya rejasi orqali boshqaruv tizimi tubdan o'zgartirilmoqda. Mamlakat superkompyuterlar, startaplarni qo'llab-quvvatlamoqda va axborot texnologiyalari bo'yicha xalqaro hamkorlikka katta e'tibor qaratmoqda".
Qayd etilishicha, mamlakatni yaqin yillarda sun'iy intellekt sohasida mintaqadagi yetakchi davlatlardan biriga aylantiradigan ulkan dastur ishga tushirilmoqda. Raqamlashtirish jarayonida 2000 dan ortiq boshqaruv lavozimlari qisqartiriladi. Ushbu chora-tadbirlar boshqaruv tuzilmasini optimallashtirish, ya'ni raqamli tizimlar va sun'iy intellektga asoslangan qaror qabul qilish jarayonlarini joriy etishga qaratilgan.
Nemis nashri ta'kidiga ko'ra, ushbu strategiyaning o'zagi bo'lgan – butun mamlakat bo'ylab ishlaydigan sun'iy intellektga asoslangan ilovalarni hisoblash quvvati bilan ta'minlaydigan "superkompyuter klasteri" tashkil etish ishlari davom etmoqda. Shuningdek, iqtisodiyotning turli sohalarida, ya'ni qishloq xo'jaligidan tortib, atrof-muhit va moliyaviy xizmatlargacha o'nlab loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
"O'zbekistonning sun'iy intellekt strategiyasidagi asosiy yo'nalishlardan biri – xorijiy investorlarni jalb etish, xususan, dasturga ko'ra, Qoraqalpog'istonda zamonaviy ma'lumot markazlarini qurish rejalashtirilgan. Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning aytishicha, bu infratuzilma mamlakat raqamli suverenitetining asosiga aylanadi", – deyilgan nashrda
Materialda, shuningdek, so'nggi o'n yillikda O'zbekistonda hayratlanarli ijobiy o'zgarishlar yuz berayotgani urg'ulangan. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O'zbekiston ulkan islohotlar maydoniga aylangan. Mamlakat tashqi dunyoga ochilmoqda va barcha mintaqa davlatlari bilan hamkorlikka intilmoqda.
"Bugun O'zbekiston o'zini taraqqiyotga intiluvchi mintaqaviy kuch sifatida namoyon qilmoqda — islohotlar, investitsiyalar hamda bilimga chanqoq yoshlar orqali yangi shakllanib borayotgan axborot texnologiyalari davrida o'z o'rnini egallamoqda. O'zbekistonning sun'iy intellekt strategiyasi milliy "Bir million sun'iy intellekt yetakchisi" dasturi bilan bog'langan bo'lib, uning doirasida 2027 yilgacha bir million yoshlarni sun'iy intellekt va zamonaviy texnologiyalar sohasida o'qitish maqsad qilingan. Yoshlarga turli platformalarda bepul onlayn o'quv dasturi orqali zamonaviy axborot texnologiyalar sohasida bilim olish imkoniyati yaratilgan", – deyiladi maqolada.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Oʻzbekiston delegatsiyasi ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi
"Europa Press": Ispaniya va O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida memorandum imzoladi
O'zbek milliy qadriyatlari "Charity Bazaar" xayriya festivalida e'tirof etildi