Logo

Iroq OAV: O'zbekiston va Finlyandiya ekologiya, atrof-muhitni barqaror boshqarish va iqlim o'zgarishi sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirmoqda

Oktabr 25, 2025. 17:11 • 2 daq

23
Iroq OAV: O'zbekiston va Finlyandiya ekologiya, atrof-muhitni barqaror boshqarish va iqlim o'zgarishi sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirmoqda

BAG'DOD, 25-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Iroqning ommabop "Agnaden" elektron nashrida "O'zbekiston va Finlyandiya o'rtasida ekologiya hamda barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlik istiqbollari" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 Ta'kidlanishicha, O'zbekiston va Finlyandiya ekologiya, atrof-muhitni barqaror boshqarish va iqlim o'zgarishi sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish uchun salmoqli salohiyatga ega. Ikki mamlakat atrof-muhitni muhofaza qilish idoralari vakillari xalqaro tashkilotlar va taraqqiyot banklari ko'magida tashkil etilayotgan xalqaro anjumanlar, forumlar, loyihalar orqali faol hamkorlik qilmoqda.

"O'zbekiston Gidrometeorologiya xizmati agentligi, Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi va Finlyandiya meteorologiya instituti o'rtasidagi qo'shma loyiha amaliy hamkorlikning yorqin namunasidir. Umumiy qiymati 2 million dollar bo'lgan loyiha O'zbekiston gidrometeorologiya xizmati salohiyatini oshirish, mutaxassislarga ob-havo sharoiti va tabiiy ofatlarni bashorat qilishning zamonaviy usullarini o'rgatish, iqlim xizmatlari tizimi va iqlim o'zgarishiga moslashish choralarini ishlab chiqishga qaratilgan", – deb yozgan muallif.

Ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish maqsadida O'zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi Finlyandiya bilan kelajakdagi o'zaro anglashuv memorandumi uchun asos bo'lishi mumkin bo'lgan bir qator istiqbolli yo'nalishlarni belgilab oldi.

Ilmiy-ta'lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratish taklif etilmoqda. O'zbekiston Ekologiya vazirligi Finlyandiya universitetlari hamda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o'zgarishini o'rganish universiteti ("Green University ") o'rtasida aloqalarni yo'lga qo'yishdan manfaatdor. Akademik almashinuv dasturlarini amalga oshirish, qo'shma tadqiqotlar, yashil ta'lim texnologiyalarini rivojlantirish mintaqada ekolog va iqlimshunoslarning yangi avlodini tayyorlashga xizmat qiladi.

Nashrda, shuningdek, bioxilma-xillikni asrash va alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish bo'yicha hamkorlik ham muhim yo'nalish hisoblanishi qayd etilgan. Finlyandiya ushbu maqsadlar uchun o'z hududining 13,3 foizini ajratadi va 2030-yilga borib bu ko'rsatkichni 30 foizga yetkazmoqchi. Bu tajriba qo'riqxonalar va milliy bog'lar tarmog'ini kengaytirish dasturini faol amalga oshirayotgan O'zbekiston uchun katta ahamiyatga ega.

"O'zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi hamda Finlyandiya Atrof-muhit va iqlim vazirligi o'rtasida hamkorlik to'g'risidagi memorandumning imzolanishi ushbu hamkorlikni mustahkamlash yo'lidagi mantiqiy qadam bo'ladi. Ikki mamlakat o'rtasidagi qo'shma tashabbuslar innovatsiya va ilmiy salohiyatni umumiy maqsad – tabiatni asrash, iqlim o'zgarishiga chidamlilikni oshirish va barqaror kelajakni qurish sari birlashtiradi", – deya urg'ulangan maqolada.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish