Logo

Isroil OAV: O'zbekiston xavfsizlik va millatlararo bag'rikenglik darajasi yuqori bo'lgan dunyoviy davlat

Iyul 09, 2025. 20:37 • 55 soniya

105
Isroil OAV: O'zbekiston xavfsizlik va millatlararo bag'rikenglik darajasi yuqori bo'lgan dunyoviy davlat

TEL-AVIV, 10-iyul. / "Dunyo" AA/. Isroilning ommabop "13tv.co.il" telekanali saytida "Ertaga qaytamiz: noodatiy yozgi yo'nalishlarga parvozlar" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.


Unda O'zbekiston isroillik sayyohlar uchun eng jozibali va xavfsiz yo'nalishlardan biri sifatida taqdim etilgan.


Muallifning ta'kidlashicha, mintaqadagi beqarorlik saqlanib qolayotganiga qaramay, aynan O'zbekiston aviakompaniyalari – "Uzbekistan Airways", "Qanot Sharq" va "Air Samarkand" Tel-Aviv – Toshkent yo'nalishi bo'yicha reyslarni birinchilardan bo'lib qayta tiklamoqda. Bu esa ikki tomonlama munosabatlardagi yuqori darajadagi ishonch va barqarorlikdan dalolat beradi.


"O'zbekiston Buyuk ipak yo'lida joylashgan Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlarida qadimiy Sharq muhiti, islom me'morchiligi, mahalliy aholining mehmondo'stligi va boy oshxonasini aslidek saqlab qolgan noyob yo'nalish", – deyilgan materialda.


Shuningdek, O'zbekiston jamoat xavfsizligi va millatlararo bag'rikenglik darajasi yuqori bo'lgan dunyoviy davlat ekanligi va bu xorijiy sayyohlar uchun alohida ahamiyat kasb etishi qayd etilgan.


"Kuzda O'zbekistonda ob-havo ancha salqinlashadi. Bu davrda mamlakat odatiy kurortlardan farqli o'laroq, noyob madaniy yo'nalishlarni izlayotgan isroilliklar uchun eng talabgir sayyohlik yo'nalishlaridan biriga aylanishi mumkin", – deb yozilgan "13tv.co.il" telekanal saytida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish