Misr OAV: Ayritom transchegara savdosining yangi markaziga aylanmoqda
Oktabr 23, 2025. 12:11 • 2 daq
• 24
QOHIRA, 23-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Misrning "Sada al-Balad" axborot agentligi "Ayritom transchegara savdosining yangi markaziga aylanmoqda – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tadqiqoti natijalari" sarlavhali maqolani e'lon qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) Ayritom erkin savdo zonasi faoliyatiga kompleks baholash o'tkazdi, – deyilgan manbada. – Tahlil natijalariga ko'ra, xizmatlar ko'lamini kengaytirish va tun-u kun ishlash rejimiga talab mavjud".
Ayritom erkin savdo zonasi 2024- yil avgust oyida Termiz shahrida ochilgan bo'lib, Markaziy Osiyoda transchegara savdosini rivojlantirish yo'lidagi eng yirik loyihalardan biriga aylandi. Bu orqali O'zbekistonning savdo va logistika bo'yicha mintaqaviy xab sifatidagi o'rni yana-da mustahkamlanmoqda.
"Zonaning umumiy maydoni 26 gektarni tashkil qiladi, shundan 164,2 ming m² infratuzilma obyektlariga ajratilgan. Hududda mehmonxona, tibbiyot klinikasi, biznes-maktab, restoranlar, ishlab chiqarish maydonlari va logistika kompleksi joylashgan. Loyiha doirasida 3,0 mingga yaqin ish o'rni yaratilishi, yillik eksport hajmi 1,2 milliard dollarga yetkazilishi hamda har yili 1,4 million nafargacha tashrifchi jalb qilinishi ko'zda tutilgan. Erkin savdo zonasi afg'on fuqarolariga vizasiz tashrif buyurish imkonini beradi, transchegaraviy savdosini faollashtiradi va ikki davlat o'rtasida iqtisodiy aloqalarning kengayishiga xizmat qiladi", – deyilgan nashrda.
Nashrda yozilganidek, Ayritom faoliyati yo'lga qo'yilganidan beri bu yerga 740 mingdan ortiq kishi, shu jumladan 400 ming afg'on fuqarolari tashrif buyurdi. Eng katta talab mehmonxona va tibbiy xizmatlarga to'g'ri keldi.
Savdo faoliyati ham ijobiy sur'atlar bilan rivojlanmoqda. Mavjud 490 savdo maydonidan 218 tasida do'konlar allaqachon ishlamoqda. Ayritom savdo zonasi orqali Afg'onistonga umumiy qiymati 187 million dollarlik tovar va mahsulotlar eksport qilindi.
Loyihaning ahamiyatini hisobga olgan holda, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Ayritom savdo zonasida tadbirkorlar va tashrif buyuruvchilar o'rtasida so'rovnoma o'tkazdi. Natijalar savdo faoliyatidagi tendensiyalar va kelgusida rivojlantirish uchun ustuvor yo'nalishlarni belgilab berdi.
"Tahlillar shuni ko'rsatadiki, Ayritom savdo hududiga qiziqish yuqori bo'lib, uning o'sish salohiyati katta. Shu bilan birga, rivojlanish uchun bir qator muhim yo'nalishlar belgilab berildi. Afg'oniston fuqarolari asosiy mijozlar qatlami sifatida chegara va bojxona nazoratidan o'tish jarayonini yengillashtirish va tezlashtirishni muhim deb hisoblashmoqda. So'rovda qatnashganlarning 71 foizi bu jarayon ko'p vaqt talab qilayotganini qayd etgan", – deya qayd etilgan materialda.
Maqola xulosasida yozilganidek, "Umuman olganda, Ayritom markaziga talab yuqori bo'lib qolmoqda. Infratuzilma va servislar rivojini davom ettirish uni transchegaraviy savdo va hamkorlikning muhim nuqtasi sifatida mustahkamlaydi".
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Oʻzbekiston delegatsiyasi ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi
"Europa Press": Ispaniya va O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida memorandum imzoladi
O'zbek milliy qadriyatlari "Charity Bazaar" xayriya festivalida e'tirof etildi