Logo

Misr OAV: Zamonaviy dunyoda Moturidiylik ta'limotiga bo'lgan ehtiyoj va qiziqish tobora ortib bormoqda

May 07, 2025. 17:45 • 2 daq

82
Misr OAV: Zamonaviy dunyoda Moturidiylik ta'limotiga bo'lgan ehtiyoj va qiziqish tobora ortib bormoqda

QOHIRA, 7-may. /"Dunyo" AA/. Misrning "Al-Liva' al-Islamiy" gazetasida Samarqand shahrida Moturidiy ta'limotiga bag'ishlab o'tkazilgan xalqaro anjuman haqida maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 Unda shu yilning 29-30-aprel kunlari Samarqand shahrida bo'lib o'tgan "Moturidiylik – bag'rikenglik, moʻtadillik va ma'rifat ta'limoti" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tafsilotlari qalamga olingan. Ma'lum qilinganidek, Moturidiylik maktabining vatani bo'lgan O'zbekistonda bo'lib o'tgan ushbu anjumanda dunyoning turli mintaqalaridan yetuk olimlar, shu jumladan, Misr Arab Respublikasi Vaqf ishlari vaziri Shayx Usoma Azhariy va muftiy Nazir Ayad ishtirok etdi.

Misr bosma nashri yozgangidek, zamonaviy dunyoda Moturidiylik ta'limotiga bo'lgan ehtiyoj va qiziqish tobora ortib bormoqda.

"Moturidiylik ta'limoti asoschisi Samarqandda tug'ilgan buyuk fiqhshunos olim Abu Mansur Moturidiy hisoblanadi. Bu maktab islomiy aqidani anglashda muvozanatli va aqlga tayangan metodologiyasi, turlicha xil fikrlovchilarga nisbatan muloqot hamda bag'rikenglikni ilgari surishi, haddan oshish va mutaassiblikni rad etishi bilan ajralib turadi", – deb yozilgan maqolada.

Anjumanda Moturidiylik ta'limotining zamonaviy muammolarga qarshi kurashdagi ahamiyati haqida so'z bordi.

"O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Imom Maturidiy merosini tiklash va avrab-avaylashga alohida e'tibor qaratilmoqda. O'zbekiston hukumati Moturidiylik bo'yicha ilmiy tadqiqotlarni qo'llab-quvvatlash, olim asarlarini turli tillarga tarjima qilish va keng ommaga yetkazish bo'yicha qator tashabbuslarni ilgari suryapti", – deyilgan nashrda.

Misrning "Al-Liva' al-Islamiy" gazetasi haftada bir marta "Ahbor al-Yaum" noshirlik uyi tomonidan chop etiladi. Nashr diniy-ma'rifiy, ijtimoiy-madaniy va boshqa mavzularni keng yoritadi. Gazetaning umumiy adadi salkam 100 mingtaga teng.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish