Logo

O'zbekistonda "yashil" taraqqiyot va iqlim o'zgarishi sohasidagi islohotlar Italiya ommaviy axborot vositalarining nigohida

Yanvar 16, 2025. 19:39 • 2 daq

116
O'zbekistonda "yashil" taraqqiyot va iqlim o'zgarishi sohasidagi islohotlar Italiya ommaviy axborot vositalarining nigohida

RIM, 17-yanvar. /"Dunyo" AA/. Italiyaning "il Giornale" gazetasi O'zbekistonning "yashil" taraqqiyot va iqlim o'zgarishi borasidagi sa'y-harakatlariga bag'ishlangan maqolalarni e'lon qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Italiya va O'zbekiston "yashil" taraqqiyot uchun birgalikda" sarlavhali maqolada mamlakatimiz malakali ishchi kuchi mavjudligi, shuningdek, tabiiy resurslar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari salohiyati bilan Italiya uchun tobora qiziqarli hamkorga aylanib borayotgani ta'kidlanadi.

Qayd etilishicha, O'zbekiston quyosh va shamol energetikasi bilan bog'liq loyihalarga e'tibor qaratmoqda, bu esa Italiyaning ixtisoslashgan kompaniyalari uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Shu bilan birga, hamkorlik atrof-muhitni asrash masalalariga ham taalluqlidir - Orol dengizi ekologik inqirozini hal qilish bo'yicha qo'shma loyiha bundan dalolat beradi.

"Toshkent va Rim o'rtasidagi masofa tobora qisqarib bormoqda. Mamlakatlarimiz rahbarlarining rasmiy tashriflari nafaqat hamjihatlikning muhimligini tasdiqlaydi, balki har ikki davlatning mustahkam va uzoq muddatli hamkorlikni yo'lga qo'yishda maqsadi qat'iy ekanini ko'rsatadi," - deyiladi maqolada.

Xususan, "O'zbekistonning iqlim o'zgarishi bo'yicha harakatlar rejasi" sarlavhali maqola Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning "Abu-Dabi Barqaror rivojlanish haftaligi"dagi ishtiroki haqida hikoya qiladi.

"O'zbekiston barqaror rivojlanishga sodiq iqtisodiy taraqqiyot modelidir. Davlat rahbari Toshkent iqlim o'zgarishi oqibatlarini yumshatish, barqaror rivojlanish va global xavfsizlikni ta'minlash yo'lida amalga oshirayotgan keng ko'lamli islohotlar jarayonini taqdim etdi," - deyiladi maqolada.

Strategik mintaqaviy prognoz bilan 2030-yilga mo'ljallangan maqsadlar O'zbekistonning asosiy yetakchi sifatidagi rolini tasdiqlaydi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko'ra, mamlakat yakka tartibda 500 gigavatt quyosh energiyasi, 100 gigavatt shamol energiyasi va 10 gigavatt gidroenergiya ishlab chiqarish salohiyatiga ega.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish