Rossiya turizm industriyasi ittifoqi: O'zbekiston turizmiga nisbatan o'sib borayotgan qiziqish - jozibador tadbirlar va rivojlangan infratuzilma natijasi
Noyabr 04, 2025. 17:05 • 2 daq
• 34
MOSKVA, 4-noyabr. /"Dunyo" AA/. Rossiya turizm industriyasi ittifoqi rasmiy portalida "O'zbekiston jozibador tadbirlar hisobiga Rossiyadan turistlar oqimini oshirmoqda" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada qayd etilishicha, joriy yilning kuzida O'zbekistonga ekskursiya turlariga talab sezilarli darajada oshgan. Yetakchi turoperatorlarning baholashicha, o'sish 2024-yilning mos davriga nisbatan 30 foizdan 50 foizgacha ko'rsatgichni tashkil etmoqda.
Maqola muallifi rossiyalik sayohatchilarning O'zbekistonga bo'lgan qiziqishi yildan yilga barqaror o'sib borayotganini ta'kidlaydi. Xususan, 2025-yilning o'n oyi davomida safarlar soni 29 foizga oshgan. Ko'rsatkichlarning o'sishi, jumladan, mamlakatning faol tashkilotchilik faoliyati – yirik xalqaro madaniy va musiqiy tadbirlarning o'tkazilishi tufayli yuzaga kelgan.
Nashrda ta'kidlanishicha, rossiyalik turistlarning alohida e'tiborini sentyabr oyidagi Samarqanddagi jahon miqyosidagi tenor Andrea Bochelli konserti va 5-sentyabrdan 20-noyabrgacha o'tkazilayotgan Buxoro zamonaviy san'at biyennalesi tortgan. Rossiyadan ko'plab sayohatchilar aynan mazkur yorqin madaniy tadbirlarda ishtirok etish uchun O'zbekistonga tashrif buyurgan.
Shuningdek maqolada, Yangi yil turlarining o'sib borayotgan mashhurligiga ham alohida e'tibor qaratilgan. Agar ilgari Yangi yil kechasini asosan Toshkentda kutib olish mumkin bo'lgan bo'lsa, so'nggi yillarda sayyohlarga turli xil qishki dasturlar – tog'-chang'i kurortlar taklif etilmoqda.
"Turizm sohasi ekspertlarining baholashicha, O'zbekistonga ekskursiya turlariga bo'lgan talab o'tgan yilga nisbatan umumiy hisobda 30 foizga oshgan. Eng mashhur dasturlar 5–6 kunlik bo'lib, ular Toshkent, Buxoro va Samarqandni ziyorat qilishni o'z ichiga oladi. 7–8 kunlik marshrutlarga odatda Xiva bo'ylab ekskursiya ham qo'shiladi. Kuz mavsumiga yil davomidagi ekskursiya bronlarining taxminan 48 foizi to'g'ri keladi", - deb yozilgan maqolada.
Bundan tashqari nashrda yozilishicha, joriy yilning to'qqiz oyida Rossiyadan kelgan turistlar oqimi 24,2 foizga oshib, 757,1 ming kishiga yetgan. 2025-yil yakunlari bo'yicha O'zbekistonga tashrif buyurgan rossiyalik turistlar soni 1 million kishidan oshishi kutilmoqda.
"Umuman olganda, 2025-yilning yanvar-sentyabr oylari davomida O'zbekistonga 8,6 millionga yaqin xorijiy mehmon tashrif buyurgan, bu o'tgan yilning shu davriga nisbatan 49,3 foizga ko'pdir", - deb xulosa qiladi muallif.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Oʻzbekiston delegatsiyasi ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi
"Europa Press": Ispaniya va O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida memorandum imzoladi
O'zbek milliy qadriyatlari "Charity Bazaar" xayriya festivalida e'tirof etildi