Logo

Ukraina OAV: O'zbekistonda elektron davlat xizmatlari ulushini 70 foizga yetkazish rejalashtirilgan

Oktabr 14, 2025. 15:09 • 2 daq

29
Ukraina OAV: O'zbekistonda elektron davlat xizmatlari ulushini 70 foizga yetkazish rejalashtirilgan

KIYEV, 14-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Ukrainaning "Open4business" va "Fixygen" elektron nashrlarida "O'zbekiston OASIS platformasini yaratish orqali startaplar uchun imkoniyatlarni kengaytirmoqchi" sarlavhali maqolalar e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda O'zbekiston Prezidenti davlat boshqaruvi va iqtisodiyotning real sektorini raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari to'g'risidagi qarorni imzolagani haqida so'z boradi.

"Qarorga ko'ra, 2025-2026-yillarda "Raqamli hukumat" sohasida 41 ta ustuvor loyihani ishga tushirish va elektron davlat xizmatlarining ulushini 70 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Mahallalarda 30 turdan ortiq davlat xizmatlarini ko'rsatishni boshlash, 66 ming km. optik tolali aloqa liniyalarini qurish, 2284 ta tayanch stansiyalarni ishga tushirish va 100 dan ortiq axborot tizimini joriy etish ko'zda tutilgan. Aholi va biznes uchun 100 dan ortiq turdagi xizmatlarni, shu jumladan, proaktiv va kompozit xizmatlarni elektron formatga o'tkazish mo'ljallangan", – deb yozilgan maqolada.

Shuningdek, nashrda qayd etilishicha, endilikda mobil operatorlar, banklar va to'lov tashkilotlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali pullik davlat xizmatlarini taqdim etishlari mumkin bo'ladi.

"2026-yil 1-yanvardan boshlab ijtimoiy yordam jarayonlari, oilalar va aholi to'g'risidagi ma'lumotlarni yuritish, shuningdek mahallalardagi ishlar "Raqamli mahalla" platformasiga o'tkaziladi. 2026-yil oxirigacha Kadastr agentligi barcha ko'chmas mulk ma'lumotlarini UZKAD tizimiga o'tkazishni yakunlaydi va WGS-84ga bog'langan Yagona manzillar reestrini yaratadi", – deya ta'kidlangan materialda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish